Tarix – bu shunchaki sanalar va raqamlar to‘plami emas. U qalblarga o‘yilgan og‘riq, ko‘zlar ortiga yashiringan dard, halok bo‘lganlar xotirasi va tirik qolganlar yuragidagi chidam. Ikkinchi jahon urushi insoniyat tarixidagi eng dahshatli sinov bo‘ldi. Bu urush o‘zidan keyingi avlodlarga ogohlantiruvchi saboq, insoniyat aqlining ham, vahshiyligining ham cheksizligini isbotlab bergan sahifadir.
Urushmi? Yo‘q, butun insoniyatning janggohga aylanishi
Urush degani — ikki davlat o‘rtasidagi nizo emas. Bu safar unda 73 ta davlatdan 62 tasi ishtirok etdi. Yer yuzidagi har besh kishidan to‘rttasi bu urushning bevosita ichida edi. Yerning uch qit’asi, to‘rtta okeani, 40 ta davlat urush girdobida qoldi. 110 million askar – bu oddiy raqam emas, har biri o‘zining oilasi, orzusi, bolaligini ortda qoldirgan inson.
Va 60 million o‘lim. Ko‘z ochib yumguncha yo‘qolgan hayotlar, tugamagan maktublar, ochiq qolgan derazalar. Har bir o‘lim ortida bir hikoya, bir oila, bir kelajak bor edi.
Bag‘rikeng yuraklar Vatani – O‘zbekiston
Bu urush bizdan uzoqda kechgandek tuyulishi mumkin. Ammo 6.5 million aholiga ega bo‘lgan O‘zbekiston 1.5 million muhojirni bag‘riga oldi. Ular orasida bolalar, onalar, san’atkorlar, olimlar, begunoh odamlar bor edi. O‘zbek xalqining mehri, bir burda nonni bo‘lishishga tayyorligi hozirgacha Yevropaga saboq bo‘lib turibdi. Hozir 500 million aholiga ega Yevropa Ittifoqi bir necha yuz ming qochoqqa qanday muomala qilayotganini ko‘rib, o‘sha davrda nonini bo‘lishgan yurtdoshlarimizdan uyalmay iloj yo‘q.
Ikki marta o‘limga duch kelgan Yamaguti
Xirosima va Nagasaki — urushni emas, insoniyatni larzaga solgan nomlar. Bu shaharlar atom bombasining kuchini emas, dahshatini ko‘rsatdi. Ammo tarixda bitta inson bor: Tsutomu Yamaguti. U ikki marta, ikki shaharda atom portlashi ichida qoldi. Biroq tirik qoldi. Har ikki marta yashab ketdi. Qolgan umrini insoniyatni yadro qurolidan ogohlantirishga bag‘ishladi.
“Yo‘lbars” – insoniylikning quvvatiga aylangan it
Yo‘lbars – bu oddiy it emas edi. U 7468 ta mina va 150 ta snaryadni zararsizlantirib, minglab askarni o‘limdan saqlagan. Og‘ir yaralanganida, yurishga qurbi yetmaganida, Stalinning o‘zi shinelini berib, uni paradda askarlar bilan olib o‘tishni buyuradi. Bu tarix emas, bu odamiylik, bu hurmat, bu insoniylikni qadrlashning timsoli.
Temir yo‘lda yuradigan tanklar va… muzdan kemalar
Urush aql bovar qilmas texnologiyalarni ham keltirdi. Bronedrezin – temiryo‘lda harakatlanuvchi qurolli mashinalar. Yetarli metall bo‘lmagach, hattoki kemalarni muzdan yasash fikri ham ilgari surildi. Hatto bir dona yasaldi ham. Ammo tabiatga qarshi chiqish imkonsiz edi. U muzlab, shilib, yorilib ketdi. Ammo bu tajriba shuni ko‘rsatdiki, odam aqlining chegarasi yo‘q – foydali bo‘lishi shart emas.
Piafning ashulalari ortidagi qochish rejasi
Fransuz xonandasi Edit Piaf Gitler Germaniyasining asirlar lagerida kuylagan. Ammo uning ashulasi – ozodlikning boshlanishi edi. U lagerlardagi frantsuz asirlar bilan suratga tushgan, keyin bu suratlar orqali soxta hujjatlar tayyorlab, ularni lagerdan qochirishga yordamlashgan. Piaf sahnada emas, aslida tarix sahnasida ayollik va jasorat namunasi bo‘lib qolgan.
So‘zsiz buyruq – 30 yillik partizanlik
Onoda Xiro – yapon leytenanti. Urush tugagan, lekin u o‘z buyruqchisini eshitmaguncha qurolni tashlamagan. 1974 yilgacha changalzor ichida yashirinib, dushmanni kutgan. Vatanini tark etmagan. Toki komandiri ovoz kuchaytirgich orqali unga buyruq berguncha. Va u shunda qurolni topshirdi. So‘rashdi: “Befoyda o‘tgan umr uchun achinmaysizmi?” U esa:
“Achinmayman. Men vatanim oldida xizmat qildim. Har kim o‘z vazifasini so‘ngiga yetkazmog‘i lozim.”
Ikkinchi jahon urushi – bu insoniyat uchun darsdir. Unga “urush” deb nom berishning o‘zi yetarli emas. Bu – tarixda qolgan fojea, qahramonlik, sadoqat va insoniylik haqidagi eng ulkan roman. Va bu romanni unutmasligimiz kerak. Chunki bugun tinchlikda yashayotgan har bir nafas – o‘sha janglarda jon berganlarning merosidir.