O‘zbekistonda 3 ta MCHJ fuqarolarni xorijga ishga yuborishini aytib, ulardan pul yig‘ib olgani va xizmat ko‘rsatmagani aniqlandi. Bu haqida Migratsiya agentligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, agentlik tomonidan tekshiruv o‘tkazilgan. Unda “WORLDVISA” MCHJ, “Everyone Consult” MCHJ va “Adworld Group” MCHJ o‘zlarining ijtimoiy tarmoqlardagi e’lonlari orqali xorijga ishga yuborish xizmatlarini ko‘rsatayotganliklari, fuqarolardan pul yig‘ib, xizmat ko‘rsatmaganlik holatlari aniqlangan.
“Litsenziyaga ega bo‘lmagan tashkilotlar orqali xorijda ishga joylashishga urinish fuqarolarning moliyaviy va huquqiy xavf-xatarga duchor bo‘lishiga olib keladi”, — deyiladi izohda.
Ushbu MCHJlarga nisbatan tegishli jarimalar qo‘llanilgan.