AQShning maxsus elchisi Stiv Uitkoffning so‘zlariga ko‘ra, prezident Donald Tramp Rossiya va Ukrainani urushni tugatish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarga o‘tirishga chaqirgan. Bu haqda u “Breitbart News” nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“Tramp bu muzokaralar tez fursatda boshlanishi kerakligini ta’kidladi. Aks holda, u AQSh bu mojaroga aralashmasligi kerak, degan fikrda. Bu nima degani bo‘lishidan qat’i nazar, Qo‘shma Shtatlar chetga chiqishi kerak”, – deydi Uitkoff.
Unga ko‘ra, AQShning muzokaralardan chiqishi “barcha tomonlar uchun yomon natija” bo‘ladi.
Uitkoffning aytishicha, ehtimoliy muzokaralarda muhokama qilinadigan asosiy masalalar quyidagilar: Rossiya egallab olgan hududlar, Zaporoje AESi ustidan nazorat va ukrainaliklarning Dnepr va Qora dengizga chiqish huquqi.
“Bu masalalarning ko‘pini hal qilish qiyin bo‘lmaydi, agar tomonlar muzokara stoliga o‘tirsalar. Biz ular o‘rtasidagi masalalar doirasini toraytiramiz, keyin esa murosali va ijodiy yechimlar topamiz”, – deydi AQSh vakili.
Ma’lumot uchun, Uitkoff 2025-yil fevralidan buyon Rossiyaga uch marta tashrif buyurib, prezident Vladimir Putin bilan uchrashgan. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Uitkoffni “Rossiya targ‘ibotini tarqatayotganlikda” ayblagan.