AsosiyDunyo

Isroil G‘azodagi ikkita shifoxonaga zarba berdi

Oqibatda kamida 18 kishi halok bo‘lgan.

'Isroil G‘azodagi ikkita shifoxonaga zarba berdi'ning rasmi

Isroil armiyasi 13 may kuni G‘azodagi shifoxonalarga bergan zarbalari oqibatida kamida 18 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.

Aviahujumlar Xon Yunus shahri yaqinidagi Yevropa kasalxonasi majmuasiga qaratilgan. Hujum katta chuqurliklar va yoriqlar qoldirgan. Shikastlangan avtobusning bir qismi chuqurlikka tushib ketgan.

Isroil ommaviy axborot vositalari hujum HAMAS yetakchisi Muhammad Sinvarga qaratilgani haqida xabar bergan. U 2024 yil oktyabr oyida Isroil operatsiyasi chog‘ida halok bo‘lgan guruhning sobiq yetakchisi Yahyo Sinvarning ukasi hisoblanadi. HAMAS hozircha hujum nishoni borasidagi ma’lumotni tasdiqlamagan. Yahudiy davlati shifoxona ostida “HAMAS qo‘mondonlik markazi” joylashganini aytmoqda.
Hujum payti Yevropa kasalxonasi ichida bo‘lgan britaniyalik jarroh Tom Potokar muassasaga berilgan zarbalar oqibatlarini tasvirga olib, vayronagarchiliklar tufayli bemorlarni operatsiyaga olib kirishning iloji yo‘qligini ta’kidladi.
Isroilning yana bir hujumi G‘azoning Nosir shifoxonasiga qaratildi. Yahudiy harbiy kuchlari bu hujumda “muhim HAMAS terrorchilari yo‘q qilingani”, ular orasida taniqli falastinlik jurnalist Hasan Aslih ham bo‘lganini ma’lum qildi. Marhum 2023 yil 7 oktyabrda HAMASning Isroilga qarshi hujumlarida ishtirok etganlikda, holatni tasvirga olib, internetga joylaganlikda ayblangan.

    Boshqa yangiliklar