13 iyun kuni futbol bo'yicha 2026 yilgi Jahon chempionatining “B” guruhidan o'rin olgan Kanada va Bosniya va Gersegovina terma jamoalari o'rtasidagi 1-tur uchrashuvi bo'lib o'tdi. Torontodagi “BMO Field” stadionida kechgan bahs 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlandi.
Argentinalik hakam Fakundo Telo boshqarib borgan uchrashuvda hisob 21-daqiqada ochildi. Bosniya va Gersegovina hujumchisi Yovo Lukich raqib darvozasini ishg'ol qilib, jamoasini oldinga olib chiqdi.
Uchrashuvning ikkinchi bo'limida kanadalik hujumchi Kayl Larin 79-daqiqada hisobni tenglashtirdi va jamoasini mag'lubiyatdan qutqarib qoldi.
Bahsning 84-daqiqasida Bosniya va Gersegovina terma jamoasi sardori Sead Kolashinats jarohat olib, maydonni tark etishga majbur bo'ldi.
Mazkur durang orqali Kanada terma jamoasi Jahon chempionatlari tarixidagi ilk ochkosini qo'lga kiritdi.
Natijadan so'ng har ikki jamoa hisobida bir ochkodan mavjud bo'lib, guruh jadvalida yetakchi o'rinlarni egallab turibdi. Guruhning yana bir uchrashuvida 13 iyun kuni tunda Qatar va Shveytsariya terma jamoalari o'zaro bahs olib boradi.
Kanada keyingi turda 19 iyun kuni Qatarga qarshi maydonga tushadi, 24 iyun kuni esa Shveytsariya bilan kuch sinashadi. Bosniya va Gersegovina esa 18 iyun kuni Shveytsariyaga qarshi o'ynaydi, 24 iyun kuni esa Qatar bilan bahs olib boradi.






