AsosiyJinoyat

Yer savdosi atrofidagi “qora bozorchilik”: firibgarlar qamrovida kimlar bor?

4 viloyatda viloyatlarida o‘tkazilgan tadbirlarda yuz minglab dollarlar, millionlab so‘mlar evaziga noqonuniy yer savdosi bilan bog‘liq holatlar fosh etildi.

'Yer savdosi atrofidagi “qora bozorchilik”: firibgarlar qamrovida kimlar bor?'ning rasmi

Suv bo‘yidagi yerlar, fermer xo‘jaliklari egaligidagi maydonlar, hatto davlatga qarashli hududlar… Pul evaziga kimlar nima taklif qilmayapti? Bosh prokuratura huzuridagi Departament va huquq-tartibot idoralari o‘tkazgan bir qator tezkor tadbirlar, afsuski, ayrim fuqarolarning yerga doir qonunni mensimayotganini yana bir bor ko‘rsatdi.

Surxondaryo, Namangan, Navoiy va Sirdaryo viloyatlarida o‘tkazilgan tadbirlarda yuz minglab dollarlar, millionlab so‘mlar evaziga noqonuniy yer savdosi bilan bog‘liq holatlar fosh etildi.

Surxondaryo – daryo bo‘yidagi yerlar savdosi:

“Tupalang-Qorato‘g‘” irriagatsiya tizimlari boshqarmasida suv nazoratchisi bo‘lib ishlagan A.N. Tupalang daryosi bo‘yida, “Amu-Surxon” tizimiga qarashli 32 sotix yer maydonini fuqaro S.X.ga 73 500 dollar evaziga sotmoqchi bo‘lgan. U 70 ming dollar va 39 million so‘mni olayotganida qo‘lga olindi.

Namangan – tanish-bilish orqali yer rasmiylashtirish va’da qilgan:

Muqaddam sudlangan fuqaro N.SH. 25 sotix yer maydonini yuqori lavozimlardagi tanishlari yordamida boshqa fuqaro nomiga o‘tkazib berishini aytib, 60 ming dollardan 30 mingini olayotganda ushlangan.

Navoiy – 18 gektar yer 190 million so‘mga baholandi:

“Ch.O.” fermer xo‘jaligiga tegishli, ijaraga ajratilgan 18,7 gektar yer maydonini fuqaro A.Q. 200 million so‘mga sotishga kelishgan. Pulning 190 millioni olingan paytda u huquq-tartibot organlari tomonidan ushlangan.

Sirdaryo – o‘zini fermer deb tanishtirib, yer “sotgan”:

Muqaddam sudlangan D.E. o‘zini fermer xo‘jaligi rahbari deb tanishtirib, “Mirzacho‘l” SIU hududidagi 13 gektar yer maydonini o‘ziniki deya ko‘rsatib, 100 million so‘mga “sotishga” uringan. Pulning 56 million so‘mini olayotganida ushlandi.

Barchasi Jinoyat kodeksi doirasida:

Ushbu holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan, tergov ishlari davom etmoqda.

Yer — boylik. Lekin bu boylik ustidan noqonuniy yo‘l bilan daromad qilishga urinish – nafaqat qonunga zid, balki butun tizimga ishonchni yemiruvchi jinoyatdir.

    Boshqa yangiliklar