O‘zbekistonda odam savdosi jinoyati uchun jazo choralari kuchaytirildi. Kecha, 19 may kuni shuni nazarda tutuvchi “Odam savdosi jinoyati uchun jazo choralari kuchaytirilayotganligi munosabati bilan Jinoyat kodeksining 135-moddasiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilindi.
Unga ko‘ra, odam savdosi jinoyatini qalbaki hujjatlardan foydalangan holda, xuddi shuningdek jabrlanuvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni olib qo‘ygan, yashirgan yoxud yo‘q qilib yuborgan holda sodir etganlik 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilandi.
Ilgari mazkur jinoyat uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Shuningdek, ushbu jinoyat jabrlanuvchining o‘limiga yoki boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi ko‘zda tutildi.
Ilgari mazkur jinoyat uchun 8 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.