Xorazm viloyati Yangiariq tumani davlat soliq inspeksiyasi hodimi trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish va savdosi bilan shug‘ullanuvchi xususiy korxonaning soliq qarzini undirmasdan, bankrot deb topilishiga ko‘maklashish evaziga 900 AQSH dollari pora olgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Bu haqda darakchi.uz ga DXX matbuot xizmati xabar berdi.
Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi "v" bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida esa muqaddam sudlangan shaxs chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligiga suv ta’minotiga noqonuniy ulanish holatini yopib berish evaziga fermerdan 1500 AQSH dollari olgan paytda qo‘lga olindi.
Shu ishda Respublika sud-ekspertiza markazining Qashqadaryo viloyati bo‘linmasi eksperti ham ishtirok etgani aniqlandi — u mazkur mablag‘ni olgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Ikki holat yuzasidan ham Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi "v" bandi, shuningdek 28 va 211-moddalari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov ishlari davom etmoqda.