Tramp administratsiyasi AQShning eng qadimgi oliy o‘quv yurti — “Harvard” universitetining xalqaro talabalarni qabul qilish huquqini to‘xtatdi. Bu qaror Oq Uy bilan universitet o‘rtasidagi keskinlikni yanada kuchaytirdi.
Davlatning Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem ijtimoiy tarmoqda “Harvard” universitetining talabalar va almashinuv dasturlari bo‘yicha sertifikati bekor qilinganini e’lon qildi. Unga ko‘ra, universitet "qonunlarga rioya qilmagani" uchun bunday choraga qo‘l urilgan.
"Bu butun mamlakatdagi barcha universitetlarga ogohlantirish bo‘lishi kerak", — deb yozdi Noem X platformasida.
“Harvard” esa bu qarorni "noqonuniy" deb atadi.
"Biz xalqaro talabalar va olimlarni qabul qilish borasida o‘z majburiyatimizni saqlab qolamiz. Ular 140 dan ortiq mamlakatdan kelgan bo‘lib, nafaqat universitet, balki butun mamlakatni boyitadi", — deyiladi universitet bayonotida.
Qaror universitetda tahsil olayotgan 6 700 dan ortiq xalqaro talabaga ta’sir qilishi mumkin. Bu esa “Harvard” talabalarining qariyb 27 foizini tashkil etadi.
Xabar kampus bo‘ylab tezda tarqaldi va ayniqsa, bitirish arafasida turgan talabalar orasida xavotir va norozilik uyg‘otdi.
"Bu biz uchun juda kutilmagan yangilik bo‘ldi. Ko‘pchiligimiz besh kundan keyin diplom olamiz. Endi esa AQShda qolish yoki ishlashimiz noaniq bo‘lib qoldi", — deydi avstraliyalik talaba Sara Devis “BBC”ga bergan intervyusida.
"Xalqaro talabalarni siyosiy qarama-qarshilik qurboniga aylantirishmoqda", — deydi shved talabasi Leo Gerdén.
Avvalroq Tramp administratsiyasi Kolumbiya universiteti kabi boshqa nufuzli oliygohlarga bosim o‘tkazgan, “Harvard” esa aprel oyida rasmiy choralar ko‘rishga qaror qilgan edi. Universitet Oq uyni sudga berishini e’lon qilgandi.
Oq Uy “Harvard”dan yollash, qabul qilish va dars berish jarayonlarini o‘zgartirishni, shuningdek, antisemitizmga qarshi kurash choralarini kuchaytirishni talab qilgan. Aks holda, universitetning soliq imtiyozlarini bekor qilish va milliardlab dollarlik grantlarni muzlatib qo‘yish bilan tahdid qilgan.
Shuningdek, Ichki xavfsizlik departamenti universitetga xalqaro talabalar haqidagi keng qamrovli hujjatlarni taqdim etishni buyurgan. “Harvard” bunga rozi bo‘lmagach, rasmiylar uning xalqaro talabalarni qabul qilish huquqini rasman bekor qildi.
Endilikda, F- yoki J-viza egalari bo‘lgan talabalar boshqa universitetlarga o‘tishga majbur bo‘ladi. Universitet bu holatni qaytarish uchun 72 soat ichida talab qilingan hujjatlarni topshirishi kerak.
Bu hujjatlar ichida so‘nggi besh yil ichidagi barcha xalqaro talabalar bo‘yicha intizomiy ishlar, ularning kampusdagi noqonuniy yoki xavfli faoliyati aks etgan video, audio va elektron yozuvlar bor.
Ayni paytda Kaliforniyadagi federal sudya esa Tramp ma’muriyatining xalqaro talabalar vizasini bekor qilish qarorini vaqtincha to‘xtatib turdi.
"Biz bu yerga so‘z erkinligi, akademik erkinlik va erkin fikr almashinuvi uchun kelganmiz", — deydi Leo Gerdén.