Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Ilmira Razikova mavsumiy allergiya sabablari, belgilari va ularning o‘tkir respirator virusli infeksiyalardan farqli jihatlari haqida ma’lumot berdi.
— Daraxtlar gullashi, o‘simliklardan ajraladigan chang zarralari immuniteti zaif kishilarda allergiyaga moyillikni keltirib chiqarishi mumkin, — deydi mutaxassis. — Mavsumiy allergiya asosan 20 mikrometrdan 50 mikrometrgacha bo‘lgan o‘simlik changchalari tufayli paydo bo‘ladi. U acocan burun shilliq pardalari, yuqori nafac yo‘llari hamda ko‘z kon’yunktivaciga ta’cir ko‘rcatadi.
Ayni paytda bu turdagi xastalikning ikkinchi bosqichi kuzatilmoqda. U may oyidan iyul oxiri va avgust boshigacha bo‘lgan davrni qamrab oladi. Ushbu mavsumda dala o‘tlari gullaydi.
Navbatdagi bosqich boshoqli o‘simliklar gulga kirishi bilan bog‘liq bo‘lib, u avgust oyidan noyabrgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi.
Bahor oylarida chinor, sarv, qayin, eman, qayrag‘och, tol, qarag‘ay, qora terak, shumtol kabi daraxtlarning gullashi ba’zi kishilarda allergik reaksiyalarni keltirib chiqaradi.
Qolaversa, bu faslda havoda tarqalgan gulchanglar, chang va mog‘or miqdori ortishi kuzatiladi. Oqibatda aksirish, burun bitishi va qichishishi yoki ko‘p miqdorda oqishi, ko‘zlarning shishishi, yoshlanishi va ba’zan yo‘tal kabi alomatlar bilan bahorgi allergiya belgilari namoyon bo‘ladi.
Shuningdek, teri ko‘chishi, qichishish, quruqlashish, qizarish va undagi qizg‘ish toshmalar ham xastalikka xos simptomlardir.
Allergiyani qo‘zg‘atuvchi yana bir manba — uy ichidagi chang to‘plovchi jihoz va anjomlar — gilam va to‘shamalar, yostiqlar, devor qoplamalari, yumshoq mebellar va o‘yinchoqlar hamda kitoblardir.
Mavsumiy allergiyaga moyil odamlarning taxminan yarmi it, mushuk singari uy hayvonlari yungidan aziyat chekadi.
To‘g‘ri, mavsumiy allergiya belgilari O‘RVI va gripp alomatlari bilan o‘xshash. Ammo ularni quyidagi farqli jihatlar ajratib turadi.
Masalan, shamollash va gripp belgilari virus qo‘zg‘atuvchisi bilan aloqa qilgandan so‘ng ma’lum muddat o‘tib paydo bo‘ladi. Allergiya alomatlari esa darhol yuzaga keladi.
Shamollash va gripp simptomlari odatda 3-14 kundan so‘ng yo‘qolsa, allergik reaksiyalar bir necha oygacha davom etishi mumkin. Qolaversa, allergiya chog‘ida tana qaqshamaydi, isitma chiqmaydi.
Bunday vaziyatda, albatta, allergolog mutaxassisga murojaat qilish lozim. Chunki o‘zboshimchalik bilan davolanish allergiyani kuchaytirish yoki boshqa kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin.