Saroymulkxonim, Gavharshodbegim, Shodimulk, Xadichabegim, Xonzodabegim, Gulabadanbegim... Temuriylar saroyiga mansub malikalar haqida juda ko‘p eshitganmiz, tarixiy manbalar, kitoblarda o‘qiganmiz. Ammo hech bir manbada ularning qiyofalarini aniq uchratmaymiz. Faqatgina ularga berilgan ta’rifu tavsiflardan xayolan qiyofalarini o‘zimiz uchun gavdalantirganmiz. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasini shakllantirish doirasida olib borilayotgan izlanishlar, o‘rganishlar natijasida olimlar Sohibqiron Amir Temurning alohida hurmatiga sazovor bo‘lgan, "Katta xonim" yoki "Bibixonim" unvoniga loyiq ko‘rilgan temuriy malika Saroymulkxonim bilan bog‘liq shov-shuvli yangilikka guvoh bo‘lishdi.
Temuriylar saroyiga mansub malikalar haqida so‘z yuritilar ekan, Amir Temurning umr yo‘ldoshi, o‘zining yuksak aql-zakovati, go‘zalligi bilan Sohibqironning alohida hurmatiga sazovor bo‘lgan, "Katta xonim" yoki "Bibixonim" unvoniga loyiq ko‘rilgan Saroymulkxonimning nomi alohida tilga olinadi.
Ispaniyalik sayyoh Klavixoning e’tirofi
Yurtimiz tarixini, jumladan, temuriy malikalar liboslarining o‘zgacha prototipi va go‘zallik sirlarini o‘rganib, hashamdorlik o‘zbek davlatchiligida ham azaldan mavjud ekanini bilish mumkin. Shu bilan birga, Turon ayollari go‘zallikdan tashqari, o‘zlarining aqlu zakovati, siyosiy maydonda o‘z so‘ziga va harakat strategiyasiga ega bo‘lgani bilan ajralib turadi. Buni ispaniyalik sayyoh Klavixoning «Samarqandga – Amir Temur saroyiga sayohat kundaligi» asari ham tasdiqlaydi: «Hamma o‘z joyini egallagach, chodirlarning biridan Sohibqironning katta zavjasi Bibixonim chiqib keldi. U qizil matodan, tilla iplar bilan juda keng qilib tikilgan uzun ko‘ylak kiyib chiqdi. Ko‘ylak juda uzun ediki, orqasidan o‘n beshga yaqin kanizaklar kuzatib yurishardi. Xonimning yuzi shunchalik oq narsa bilan bo‘yalgan ediki, xuddi uzoqdan oq qog‘oz bo‘lib ko‘rinardi. Bu oq upa yog‘i quyoshdan saqlanish uchun surtilardi. Bibixonimning yuzi yupqa, nozik oq mato bilan berkitilgan, boshida qizil matodan bosh kiyimi bor, bosh kiyimdan yelkasigacha yupqa mato tushib turardi. Uzun bosh kiyim qimmatbaho dur-gavharlar bilan bezatilgandi. Malikaning sochlari juda qora, yelkasiga tushib turardi. Bu yer xotinlari sochlari qora rangda bo‘lishini yoqtirishar va ba’zida qora rangga bo‘yashardi. Bibixonimning yonida bir odam qo‘lida soyabon ko‘tarib, uni quyoshdan to‘sib kelardi. Soyabon oq ipak matodan, xuddi chodirga o‘xshash dumaloq shaklda tikilgandi. Bibixonim sohibqiron o‘tirgan maydonchaga, davraning to‘riga chiqib, uning yonida o‘tirdi.”
Amir Temurning “Ko‘ragon” unvoniga sabab bo‘lgan malika
Saroymulkxonim chig‘atoy ulusiga mansub mo‘g‘ul xonlaridan Qozonxonning qizi bo‘lib, 1341 yilda tug‘ilgan. Qozonxon taxtdan azl etilib, qatl qilingan chog‘da Saroymulkxonim hali besh yoshda edi. Saroymulkxonim balog‘atga yetgach, 1355 yilda Movarounnahr hukmdori amir Qozog‘onning nabirasi amir Husayn uni nikohiga kiritdi.
1370 yilda sohibqiron Amir Temur jangda amir Husaynni yengib, uni qatl qildirgach, Movarounnahr hukmronligini o‘z qo‘liga oladi. Sohibqiron Amir Temur amir Husaynning haramidagi bir necha malikalar bilan Qozonxonning qizi — Saroymulkxonimni ham tanlab olib, idda muddati uch oy o‘tgach, o‘z nikohiga kiritadi. Saroymulkxonimni o‘z nikohiga kiritgach, sohibqiron Amir Temur «ko‘ragon» unvoniga musharraf bo‘ldi. Ko‘ragon iborasi mo‘g‘ulcha so‘z bo‘lib, «kuyov» degan ma’noni ifodalaydi. Zero, Saroymulkxonim mo‘g‘ul xonlaridan birining qizi bo‘lgani tufayli sohibqiron Amir Temur mo‘g‘ul xonining kuyovi, ya’ni "Amir Temur Ko‘ragon" nomini olgan edi.
Temuriylar an’anasi
Sohibqiron saroyida tug‘ilgan shahzodalarni yoshligidanoq Saroymulkxonim tarbiyasiga topshirish an’ana bo‘lgan. Uning tarbiyasini olgan Shohruh Mirzo, Xalil Sultonning san’at va adabiyotga, Mirzo Ulug‘bekning ilmu fan va adabiyotga, musiqaga mehr qo‘yishi fikrimizning yorqin dalilidir. Bu an’ana keyinchalik Boburiylar davrida ham saqlanib qoldi. Shohruh Mirzoning xotini Gavharshodbegim, Boburning onasi Qutlug‘ Nigorxonim, katta onasi Eson Davlatbegim, opasi Xonzodabegim, Jahongirning xotini Nurjahon, Shoh Jahonning qizi chizmachi-me’mor Jahonaro, Shoh Jahonning xotini Mumtoz Arjumand Bonu va keyin yashab ijod etgan shoiralar, shuningdek, oqila davlat arboblarini yetishtirgan xalqning yuksak madaniyatli bo‘lganligini payqash qiyin emas.
Shu kunga qadar Saroymulkxonimning suratiborligini ko‘pchilik bilmasa kerak. AQSHning Sietl san’at muzeyida saqlanayotgan SharofiddinAli Yazdiyning “Zafarnoma” asari qo‘lyozmasiga ishlangan miniatyurada Saroymulkxonimning Samarqanddan Shohruh ibn Temur va Xalil Sulton ibn Mironshoh bilan Eron shimoli-g‘arbidagi Temur qarorgohiga qilgan sayohati tasvirlanganligi ma’lum bo‘ldi. San’atshunos Prissilla Suchekning fikricha, Sharofiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida keltirilgan Amir Temur tarjimayi holidagi Saroymulkxonimning vafotidan keyingi qo‘lyozmasiga ishlangan suratda uning miniatyurasida Temurning o‘g‘illaridan biri – yosh Shohruh bilan birga tasvirlangan. Bu tasvir Saroymulkxonim vafotidan 30 yil o‘tib yaratilganligi taxmin qilinmoqda. Suratdan Saroymulkxonimning otda o‘tirgani, o‘gay o‘g‘li Shohrux bilan solishtirilganda uning mavqei yuqori, izzat-hurmatda bo‘lganini ko‘rish mumkin. O‘shanda Shohrux 10 yoshda bo‘lgan. Tarixiy manbalarda nomlari keltirilgan ayollar bilan bog‘liq voqealar ba’zan qo‘lyozma suratlarda ham o‘z aksini topgan. Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asari qo‘lyozma nusxasida Saroymulkxonim va Xonzodabegim hayotidagi voqealar ham tasvirlangan.
Matndagi ma’lumotga ko‘ra, suratda Saroymulkxonim lashkarlari Temur qarorgohidan ularni kutib olish uchun yuborilgan bir guruh otliqlar bilan uchrashgan paytini ko‘rsatishi kerak bo‘lsa-da, go‘yoki ularning sayohati tasvirlangandek taassurot uyg‘otadi. Chap tarafdagi otliqlar Saroymulkxonim va uning xizmatkorlari, o‘ng tarafdagi erkaklar esa o‘sha paytda o‘n yoshda bo‘lgan Shohruxning xizmatkorlari bo‘lishi mumkin. San’atshunos Prissilla Suchekning yozishicha, bu voqea 1387 yilda, Saroymulkxonim Temur bilan Eron shimoli-g‘arbida uchrashib, u yerda targ‘ibot ishlarini olib borganida sodir bo‘lgan. O‘sha paytda Miron Shoh 21 yoshda, Shohruh esa 10 yoshda bo‘lsa-da, o‘gay onasiga sayohatlarda hamrohlik qilgan. Xalil Sulton esa 3 yoshli bola bo‘lgan.
Bu miniatyura Temuriy malikalarning qiyofalaribilan bog‘liq xayoliy tasavvurlarni reallashishigaxizmat qiluvchi noyob manba, deyish mumkin.