Qrimda Moskva–Simferopol yo‘nalishida harakatlangan yo‘lovchi poyezdi dron hujumiga uchradi. Hodisa oqibatida mashinist yordamchisi halok bo‘lgan, mashinist esa jarohat olgan. Bu haqda Meduza nashri xabar berdi.
Qrim rahbari Sergey Aksyonovning ma’lum qilishicha, hodisa vaqtida poyezddagi yo‘lovchilar orasida jabrlanganlar bo‘lmagan. Shundan so‘ng yarimorol hududidagi poyezdlar harakati vaqtincha to‘xtatilgan va yo‘lovchilar evakuatsiya qilingan.
Grand Service Express kompaniyasi Qrim bo‘ylab rejalashtirilgan bir qator yo‘lovchi poyezdlari qatnovi to‘xtatilganini ma’lum qildi. Xususan, Moskva–Simferopol hamda Sankt-Peterburg–Simferopol yo‘nalishidagi poyezdlar yo‘lovchilari avtobuslarda manzilga yetkazilgan.
Mahalliy ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, Qrimni Rossiyaning materik qismi bilan bog‘lab turuvchi asosiy temiryo‘l yo‘li Kerch ko‘prigi orqali o‘tadi. Ayni paytda yo‘lovchilar ko‘prikkacha avtobuslarda tashilmoqda.
Shuningdek, Rossiyaning Kursk viloyatida ham dron hujumi qayd etilgan. Hudud ma’muriyati ma’lumotlariga ko‘ra, dalada ish olib borayotgan ikki nafar traktor haydovchisi halok bo‘lgan.
Rossiya Mudofaa vazirligi esa 7 iyun kechasidan 8 iyun tongigacha Rossiya hududlari va Qrim osmonida 310 ta dron urib tushirilganini ma’lum qilgan.






