Prezident Shavkat Mirziyoyev oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, 2026 yilda respublika oliygohlarini 320 ming nafar talaba bitirishi kutilmoqda. So‘nggi yillarda oliy ta’lim bilan qamrov darajasi kengaygani sabab mehnat bozoriga kirib kelayotgan bitiruvchilar soni ham ortib bormoqda.
Taqdimotda yoshlarni ish bilan ta’minlash, ularni mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga yo‘naltirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda oliygohlardagi kar’yera markazlari faoliyati samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, “Kelajakka qadam” dasturi doirasida 2025 yilda 6 mingdan ortiq loyiha uchun 378 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan va bu orqali qariyb 8 ming nafar bitiruvchining bandligi ta’minlangan. 2026 yilda esa 8 mingdan ziyod loyihani moliyalashtirish uchun 500 milliard so‘m yo‘naltirish hamda 10 mingga yaqin yoshni ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan.
Shuningdek, “TalabaExpo–2026” mehnat va kasb ko‘rgazmalarini hududlarda kengaytirish, bitiruvchilar bandligini ta’minlash bo‘yicha vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar hamda yirik korxonalar mas’uliyatini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Bandlikka ko‘maklashuvchi “career.edu.uz” platformasi orqali barcha jarayonlarni monitoring qilish va bitiruvchilar bilan ishlashning yagona vertikal tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda.
Taqdimotda oliygohlarda kar’yera markazlari faoliyatini to‘liq yo‘lga qo‘yish, mehnat yarmarkalari va ish beruvchilar bilan uchrashuvlar sonini oshirish, talabalarning startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi mexanizmlar ham taklif qilindi.
Bundan tashqari, 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab barcha oliy ta’lim muassasalarida “Tadbirkorlik asoslari” fanini o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.
Prezident mutasaddilarga bitiruvchilar bilan ishlash tizimini takomillashtirish, bildirilgan tashabbuslarni puxta ishlab chiqish va yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berdi.






