AsosiyJamiyat

O‘zbekistonda ilk marotaba madaniy va tarixiy merosga oid auksion o‘tkaziladi

Unda yurtimizda faoliyat olib borayotgan barcha mahalliy va xorijiy tadbirkorlar ishtirok etib, o‘z nomi hamda brendini tarixga muhrlashi mumkin bo‘ladi.

'O‘zbekistonda ilk marotaba madaniy va tarixiy merosga oid auksion o‘tkaziladi'ning rasmi

 O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Ilmiy kengash hamda muzey ekspozitsiyasi va kutubxona fondini shakllantirish, uning rasmiy ochilish marosimini yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha Ishchi guruh va kichik ishchi guruhlarining navbatdagi qo‘shma yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda ishchi guruh a’zolari, xorijlik hamkorlar ishtirok etishdi.

  Kengash qo‘shma yig‘ilishida:

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining rasmiy ochilishi;

“O‘zbekistonning madaniy merosi — butun insoniyat mulki” mavzusidagi Global ko‘rgazmani tashkil etish;

“Buyuk o‘tmish merosi – ma’rifatli kelajak poydevori” mavzusidagi IX Xalqaro kongressga tayyorgarlik;

Islom olami ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti – ICESCO (AYSЕSKO) bilan hamkorlikda xalqaro konferensiya o‘tkazish;

“1001 kashfiyot” bolalar ko‘rgazmasini o‘tkazish;

“114 Qur’on” va “O‘zbekiston kartografiyasi” nashr loyihalari taqdimoti;

Shuningdek, “Tirik tarix”, “Kutubxona”, “Tarixiy shaxslar panoramasi” portallari, multimedia va raqamli loyihalar, Imom Buxoriy haqida tayyorlanayotgan film va kinoxronikalar kabi masalalar muhokama qilindi.

  Tadbir avvalida markaz direktori Firdavs Abduxoliqov so‘zga chiqib, Markazning bunyod etilishi va faoliyatini rivojlantirish borasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida olib borilgan muhim tashabbuslar haqida so‘z yuritdi:

Markazning ochilishiga tayyorgarlik ishlari jadal sur’atda davom etmoqda. Prezidentimiz tomonidan berilgan topshiriq va tavsiyalar asosida markaz konsepsiyasi yangilandi, xalqaro tajribalar o‘rganildi.

Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining muzeyi ekspozitsiyasi va kutubxonasini shakllantirishni yanada jadallashtirish, rasmiy ochilishini yuqori saviyada tashkil etish, “O‘zbekiston madaniy merosi – butun insoniyat mulki” mavzusidagi Global ko‘rgazma va “Buyuk ajdodlar merosi — ma’rifatli kelajak poydevori” IX Xalqaro kongressi hamda uning doirasidagi mahalliy va xalqaro tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida yangi farmoyishi qabul qilindi.

Bu farmoyishda markaz faoliyatini muvofiqlashtirish, xorijiy safarlarni amalga oshirish, markazning ochilish jarayonini yuqori saviyada o‘tkazish, mazkur yirik tadbirlar arafasida amalga oshiriladigan ishlar va vazifalar belgilab berilgan. Ushbu vazifalarni bajarishda uyushqoqlik bilan ishlar tashkil qilingan. Qo‘shma yig‘ilish ham ayni shu maqsadda o‘tkazildi. Joriy yilda Markaz faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

 Shuningdek, Markaz rahbari joriy yil aprel-may oylarida Buyuk Britaniyaga amalga oshirilgan ilmiy safar davomida “Christie’s” va “Sotheby’s” xalqaro savdo uyi auksionlaridan O‘zbekiston madaniy merosi bilan bog‘liq 46 ta artefakt saralab olinganini ma’lum qildi. Britaniyalik kolleksionerlar bilan hamkorlikda yurtimizga daxldor yana 200 dan ortiq osori-atiqalar aniqlanganini ta’kidladi.

O‘zbekistonda ilk bor xayriya auksioni tashkil etiladi

Yig‘ilishda jahonning nufuzli “Christie’s” va “Sotheby’s” auksion uylari taklif etgan tarixiy va madaniy meros ashyolari, nodir manbalar orqali mamlakat madaniy merosi boyitilishi ham alohida ta’kidlandi.

Markaziy Osiyoda birinchi marotaba jahon tajribasi asosida xayriya auksioni o‘tkazilishi kutilmoqda. Auksionning asosiy maqsadi — “Christie’s” va “Sotheby’s” kabi mashhur xalqaro auksion uylari tomonidan taklif etilgan noyob asarlarni O‘zbekistondagi tadbirkorlarga taqdim etish orqali mamlakat muzey fondini boyitish, xususan, Islom sivilizatsiyasi markazi ko‘rgazmalarini yanada mazmunan to‘ldirishdan iborat.

  “Art Vernisaggi” auksion uyi direktori Shavkat Sultonovning ma’lum qilishicha, bu auksionda sotib olingan har bir asarning kim tomonidan xayriya qilingani aniq ko‘rsatiladi. Yurtimizda faoliyat olib borayotgan barcha mahalliy va xorijiy tadbirkorlar ishtirok etib, o‘z nomi hamda brendini tarixga muhrlashi mumkin bo‘ladi. Bu, o‘z navbatida, xayriyachi shaxs yoki tashkilotning ijobiy imidjini xalqaro maydonda mustahkamlashga xizmat qiladi.

 “Dunyo tajribasida ham shunday yo‘l tutiladi. Yirik kompaniyalar, milliarderlar muzeylar uchun asarlar xarid qilib, ularni hadya qiladilar. Biz ham ana shu yo‘ldan borib, O‘zbekistonda san’at bozorini shakllantirish, milliy san’atimizni saqlab qolish va rivojlantirish niyatidamiz”, — deydi Shavkat Sultonov.

Auksionda 200 ga yaqin asar namoyish etilishi kutilmoqda. Unda nafaqat mahalliy tadbirkorlar, balki O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy kompaniyalar vakillari ham ishtirok etishi mumkin. Hech qanday cheklovlar belgilanmagan — madaniy merosga hissa qo‘shish istagidagi har qanday shaxs ushbu xayriya tadbirida qatnashishi mumkin.

   Tadbirda ishtirok etish uchun oldindan ro‘yxatdan o‘tish talab etiladi. Bu jarayon uchun maxsus onlayn platforma va Telegram bot yaratiladi. Ro‘yxatdan o‘tganlar auksion katalogi va rasmiy taklifnomani oladilar. Tadbir kuni, joyi va shartlari ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilinadi.

Xalqaro kongress va konferensiya

 Shuningdek, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy majmuasining ochilish marosimi tadbirlari doirasida “Buyuk o‘tmish merosi – ma’rifatli kelajak poydevori” mavzusida bo‘lib o‘tadigan IX Xalqaro kongressga tayyorgarlik haqida ham ma’lumot berildi. Xususan, Kongressni tashkil etish, yalpi majlislar, kichik bo‘limlar doirasida muhokama qilinadigan mavzu va loyihalar, olimlarning yangi topilmalari taqdimoti, taklif etiladigan xorijiy va mahalliy mehmonlar kabi rejalar ko‘rib chiqildi. Joriy yil ham Kongress doirasida an’anaviy tarzda nashr etiladigan “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” kitob-albomining 81-90 jildlari taqdimoti ham kutilayotganini aytib o‘tildi.

Yana muhim tadbirlardan biri Islom olami ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti – ICESCO (AYSЕSKO) bilan hamkorlikda xalqaro konferensiya o‘tkazilishi va unga tayyorgarlik yuzasidan axborot berildi.

Ikkinchi qavatda nimalar joylashadi?

Qo‘shma yig‘ilishda Islom sivilizatsiyasi markazi binosining ikkinchi qavati taqdimot qilindi. Markazning ikkinchi qavati ko‘p funksiyali, zamonaviy imkoniyatlarga ega maskan sifatida loyihalashtirilgan. Birinchidan, bu yerda turli anjumanlar, forumlar va ilmiy uchrashuvlarni o‘tkazish uchun beshta konferensiya zali — katta va kichik miqyosdagi zallar joylashadi. Shuningdek, matbuot xizmati faoliyati uchun maxsus hudud ajratiladi. Bu yerda milliy kontent tayyorlash, intervyular olish, ko‘rsatuvlar va audiovizual loyihalar ishlab chiqarish uchun zamonaviy media platformalar tashkil qilinadi.

  Shu bilan birga, Islom sivilizatsiyasi markazi xodimlari ish faoliyatini olib borishi uchun barcha shart-sharoitlarga ega ish xonalari, xizmat hujralari va tadqiqot maydonlari ham aynan shu qavatda joylashadi.

E’tiborga molik jihat shundaki, davlatimiz rahbarining tashriflari vaqtida ta’kidlab o‘tilganidek, ushbu markazning xalqaro aloqalari va hamkorlik doirasini kengaytirish maqsadida dunyo miqyosidagi nufuzli tashkilotlarning O‘zbekistondagi vakolatxonalariga alohida xonalar ajratiladi. Ular qatorida ISESCO, UNESCO, TURKSOY, IRCICA va Manara markazi kabi tashkilotlar bor bo‘lib, ular bugungi kunda ham Islom sivilizatsiyasi markazi bilan faol hamkorlik qilib kelmoqda. Bu tashkilotlar kelgusida doimiy hamkorlikni davom ettirib, markaz tadqiqotchilari bilan qo‘shma ilmiy-amaliy faoliyatlarini amalga oshiradilar.

  Islom sivilizatsiyasi markazining ikkinchi qavatida xalqaro tashkilotlarning vakolatxonalari joylashishi esa, shubhasiz, ilmiy salohiyatni yanada yuksaltirishga xizmat qiladi. Bu o‘rinlarda to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotlar, qo‘shma tadqiqotlar, yangi g‘oyalar va loyihalar dunyoga keladi. Bu jarayonlar yaqin istiqbolda yangi O‘zbekistonning intellektual va ma’naviy qiyofasini shakllantiruvchi muhim omillardan biriga aylanadi. Shu ma’noda, bugungi kunda Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat milliy, balki global miqyosdagi ma’naviy-ma’rifiy dialoglar uchun ochiq va zamonaviy platforma sifatida yuksalmoqda.

Markazda alohida nashriyot uyi va bosmaxonasi bo‘ladi

Bundan tashqari, davlat rahbarining maxsus takliflari asosida Islom sivilizatsiyasi markaziga tutash hududda qo‘shimcha yangi bino qurilishi belgilangan. Bu bino tarkibida markazning nashriyot uyi va bosmaxonasi faoliyat yuritadi. Shuningdek, bu yerda Islomshunoslik akademiyasi hamda boshqa oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun malaka oshirish va ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirish imkoniyatiga ega auditoriyalar ham joylashadi. Ushbu yangi binoda xalqaro darajadagi ta’lim dasturlari ham joriy etiladi. Jumladan, Londondagi mashhur xalqaro xattotlik maktabi bilan hamkorlikda O‘zbekistondagi ana shu yo‘nalishdagi maktabni tashkil etish rejalashtirilgan. Bu tashabbus yosh avlodning an’anaviy san’at — xattotlik sohasida chuqur bilim olishi, yetuk mahoratiga ega mutaxassislar yetishib chiqishiga xizmat qiladi. Bunda o‘zbekistonlik va xorijlik ustozlar yoshlarga saboq berishadi. Bu yondashuv bilan yo‘qolib ketish xavfida turgan qadimiy xattotlik maktabi yanada rivojlanadi.

Global ko‘rgazmada nimalar kutilyapti?

 – Majmuaning ochilishi tadbirlari doirasida yana bir muhim voqea — tarixiy artefaktlarni o‘z ichiga olgan Global ko‘rgazma tashkil etiladi. Ma’lumki, dunyoning yuzdan ortiq mamlakatlarida O‘zbekiston tarixi, madaniyati va san’ati bilan bog‘liq bo‘lgan nodir artefaktlar saqlanadi. Hozirgi vaqtda 150 dan ortiq shunday kutubxona, muzey va markazlar aniqlangan. Tashkil etilishi kutilayotgan Global ko‘rgazmada dunyo muzeylari va kutubxonalarida saqlanayotgan, bevosita O‘zbekistonga taalluqli bo‘lgan tarixiy yodgorliklar, buyumlar yurtimizga olib kelinadi va keng jamoatchilik e’tiboriga havola etiladi, – dedi Markaz ilmiy kotibi Rustam Jabborov.

 Ko‘rgazma bir necha oy davomida faoliyat yuritadi va har bir fuqaro hamda xorijlik mehmon ushbu tarixiy boyliklarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish imkoniga ega bo‘ladi. Bu ekspozitsiya haqiqiy, asl nusxalardan iborat bo‘ladi. Ular ming yillar davomida ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan va bugungacha saqlanib kelayotgan moddiy-ma’naviy meros namunalaridir. Bu tashabbus O‘zbekistonning islom madaniyatida tutgan o‘rnini yanada yorqinroq namoyon etishga xizmat qiladi.

Yangi O‘zbekistonning ma’naviy qiyofasi

  Islom sivilizatsiyasi markazi — bu, haqiqatan ham, ulkan miqyosdagi megaloyiha bo‘lib, uning tarkibiy tuzilishi, kontenti, konsepsiyasi, texnik va ma’naviy jihatlari hamda ochilish marosimiga tayyorgarlik masalalari bugungi kunning eng dolzarb mavzularidan biri hisoblanadi. Uning rasmiy ochilishi nafaqat ilmiy va madaniy jamoatchilik, balki butun mamlakat uchun ulkan bayramga aylanadi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki bu markaz orqali, birinchi navbatda, O‘zbekistonning Islom sivilizatsiyasiga qo‘shgan bebaho hissasi namoyon etiladi. Bu ulkan merosni har tomonlama namoyon etadigan asosiy vosita — muzey ekspozitsiyasidir. Ekspozitsiya orqali Islom madaniyatining ilg‘or bosqichlariga hissa qo‘shgan buyuk mutafakkirlar, san’at va ilm ahli, ularning asarlari, merosi keng jamoatchilikka taqdim etiladi.

   – Markazning ochilish marosimi — o‘ziga xos ahamiyatga ega voqea. Chunki bu miqyosdagi madaniy-ma’rifiy va ilmiy markaz nafaqat Markaziy Osiyoda, balki Yevroosiyo mintaqasida ham kamdan-kam uchraydi. Bunday markazning aynan Toshkent shahrida barpo etilishi — bu O‘zbekiston uchun ulkan sharaf va mas’uliyatdir. Ochilish marosimida xalqaro darajadagi mehmonlar, nufuzli tashkilotlar vakillari, taniqli olimlar ishtirok etishi kutilmoqda. Ushbu ochilish doirasida o‘tkaziladigan XIX xalqaro kongress ham alohida ahamiyatga ega. Chunki bu kongress xorijiy mamlakatlardan keladigan yetakchi olimlar, o‘zbekistonlik tadqiqotchilar va ilmiy markazlar o‘rtasidagi fikr almashuv, yangicha yondashuvlar, ilmiy hamkorlik va kelishuvlar uchun mustahkam platformaga aylanadi, – dedi akademik Kamola Akilova.

Nafaqat ilmiy qiymat, balki milliy o‘zlikni anglash yo‘lida

Shuningdek, markazning ochilishiga bag‘ishlab tayyorlanayotgan nashrlar ham juda muhim. Masalan, Amir Temur siymolarini aks ettiruvchi miniatyuralarga bag‘ishlangan kitob, mashhur arxeolog va tarixchi Massonning asarlari kabi nashrlar nafaqat ilmiy qiymatga, balki milliy o‘zlikni anglash va uni dunyoga tanitish nuqtayi nazaridan ham katta ahamiyatga ega. Har bir nashr o‘ziga xos dolzarbligi va mazmuniy chuqurligi bilan bu markazning ma’naviy qiyofasini shakllantiradi. Bundan tashqari, “114 Qur’on” va “O‘zbekiston kartografiyasi” nashr loyihalari taqdimot qilindi. “Tirik tarix”, “Kutubxona”, “Tarixiy shaxslar panoramasi” portallari,“Rossiya-Kultura” telekanalida namoyish etilishi rejalashtirilgan hujjatli film, “SPECTRE STUDIO” tomonidan ishlab chiqilgan 30 videorolik kabi multimedia va raqamli loyihalar, Imom Buxoriy haqidagi film va kinoxronikalar masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Alohida tilga olingan masala

Yig‘ilishda muzey faoliyati, ilmiy tadqiqotlar, ko‘rgazmalar, turli ekspozitsiya yo‘nalishlari, shu jumladan, Qur’on zaliga oid masalalar ham alohida tilga olindi. Aynan bu zalda turli tarixiy davrlarga oid, O‘zbekiston hududida yozilgan va saqlanib kelgan Qur’on nusxalari namoyon etiladi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi katta ilmiy xodimi, Qur’on zali ekspozitsiyasi koordinatori Azimjon G‘ofurovning qayd etishicha, bu orqali xalqimiz va kelgan mehmonlar islomiy merosimiz va uning tarixiy tafsilotlarini o‘z ko‘zlari bilan ko‘ra oladi.

Xalqaro hamkorlarning ishtiroki

Yig‘ilishda markaz ekspozitsiyasining ilmiy-innovatsion loyihalari taqdimoti va olib borilayotgan ishlar doirasida mahalliy mutaxassislardan tashqari xorijlik hamkorlar bilan ham onlayn muloqot qilindi. Xususan, Buyuk Britaniyaning 1001 Inventions kompaniyasi rahbari Salim Ahmad bolalar va o‘smirlar ko‘rgazmasini tashkil etish loyihasija qamrab olinayotgan ilmiy-innovatsion yondashuvlar haqida ma’lumot berdi.

  “O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasini boyitishda kompaniyamiz hissasi qo‘shilayotganidan, ushbu ulkan majmuada bolalar va o‘smirlar ko‘rgazmasini tashkil etish imkoniyat berilayotganidan mamnunmiz. Dunyoda shunday ko‘rgazmalar o‘tkazganimizda unda alohida kitob ham nashr qilganmiz. Unda aynan ko‘rgazma, undagi shaxslar haqida ma’lumotlarni jamlagan. Biz bunda National Geographic kompaniyasi bilan hamkorlik qilamiz. Ushbu kompaniya esa tayyorlangan kitobning dunyo bo‘yicha tarqalishini ta’minlaydi. Bundan avval hamkorlikda bolalar va o‘smirlar uchun ayni shu kabi tayyorlagan kitoblarimiz dunyo bo‘yicha 3 million nusxada tarqalgan. Biz O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi haqida butun dunyo bilishiga xizmat qiladigan kitob nashr qilish harakatidamiz. Islom sivilizatsiyasi markazi haqida bolalar va o‘smirlar uchun tayyorlayotgan kitobimiz ham ana shunday darajada bo‘lishini maqsad qilganmiz, – deydi Salim Ahmad.

Italiyaning Rim shahridagi Viktoriya Petrosyans, V&So kompaniyasi vakili sifatida, onlayn muloqot chog‘ida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan bir necha yillardan beri hamkorlik qilib kelayotganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, mazkur markaz nafaqat mintaqada, balki butun jahonda Islom madaniyati va sivilizatsiyasini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega tashkilot hisoblanadi. Shuningdek, u bu jamoa bilan hamkorlik davom ettirayotganliklarini va kelgusida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi tarixi, shu zaminda yashab o‘tgan ko‘plab allomalar va buyuk shaxslar hayoti hamda ijodi haqida qisqa roliklar va filmlar tayyorlashni rejalashtirayotganini bildirdi.

Shuningdek, yig‘ilishda ushbu nufuzli tadbirlarni keng jamoatchilikka yetkazish, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik masalalari, xususan, mahalliy va xorijiy OAV bilan ishlash, markaz ochilishiga bag‘ishlangan multimedia kontentlar va axborot kampaniyalarini tashkil etish jarayonlari haqida ma’lumot berildi.

Buyuk Britaniyadagi Belgrave kompaniyasi rahbari Yevgeniya Xarrison O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi juda katta ahamiyatga ega bo‘lib, bu loyiha butun dunyoga namoyish etishga arziydigan darajada. Shu munosabat bilan u bir qator xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikda xorijiy ommaviy axborot vositalarini O‘zbekistonga olib kelish va bu yerdagi jarayonlar haqida jahon jamoatchiligini xabardor qilishda o‘z hissalarini qo‘shish niyatida ekanini qayd etdi.

    Boshqa yangiliklar