AsosiyJinoyat

Poyezdda 300 ming so‘m evaziga qo‘shmachilik qilgan vagon xizmatchisi jazolandi

Unga qilmishi uchun 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

'Poyezdda 300 ming so‘m evaziga qo‘shmachilik qilgan vagon xizmatchisi jazolandi'ning rasmi

“Olot-Toshkent” yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezdda vagon xizmatchisining qo‘shmachilik qilgani aniqlandi. Unga qilmishi uchun 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. darakchi.uz sud hujjati bilan tanishdi.

Hujjatga ko‘ra, “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJda vagonlar xizmatchisi vazifasida ishlab kelgan D.X. joriy yilning 21 fevral kuni 071 raqamli “Olot-Toshkent” yo‘nalishida harakatlanuvchi yo‘lovchi poyezdning 7-vagonida kuzatuvchi vazifasida bo‘lgan. U qo‘shmachilik qilish maqsadida shu kuni soat 20:15 larda “Qorako‘l” temiryo‘l vokzalidan poyezdning 11-vagoniga chipta bilan chiqish uchun kelgan B.O‘. va G.O‘.ni 7-vagonning 2-kupesiga joylashtirib, moddiy manfaat ko‘rish maqsadida B.O‘.dan tezkor tadbirda foydalanilgan 300 ming so‘mni olgan. Buning evaziga u B.O‘. va G.O‘.ga jinsiy aloqada bo‘lishi uchun sharoit yaratib berib, qo‘shmachilik qilgan. 

Holat Navoiy viloyati Transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi jinoyat qidiruv guruhi xodimlari tomonidan aniqlanib, 300 ming so‘m pullar xolislar ishtirokida ashyoviy dalil sifatida olingan.

Joriy yilning 15 aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Qiziltepa tuman sudida mazkur ish ko‘rib chiqilgan. Sudda D.X. aybiga to‘liq iqror bo‘lgan. Shu tariqa u Jinoyat kodeksining 131-moddasi (Qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybdor deb topilib, 1 yil 6 oy muddatga “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tizimidagi korxona va tashkilotlarda mansabdorlik hamda moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan. Shuningdek, unga oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. 

    Boshqa yangiliklar