AsosiyDunyo

Britaniyalik ayol ishidan 260 ming dollar o‘g‘irladi

U eri uchun giyohvand moddalar sotib olmoqchi bo‘lgan.

'Britaniyalik ayol ishidan 260 ming dollar o‘g‘irladi'ning rasmi

Buyuk Britaniyada 16 yil davomida moliya bo‘limida ishlagan Reychel Uilson erining giyohvand moddalarga bo‘lgan qaramligini moliyalashtirish uchun ish joyidan 260 ming AQSH dollaridan ortiq mablag‘ni o‘g‘irladi. Bu haqda zamon.uz xabar berdi.

Uilson kompaniyada bosh g‘aznachi sifatida faoliyat yuritgan va shu lavozimidan foydalanib, soxta to‘lovlar va qalbakilashtirilgan cheklar orqali pul o‘zlashtirgan. Mablag‘larni u 2020 yil aprelidan boshlab o‘zlashtira boshlagan, ammo 2024 yil avgust oyida vaqtincha uning o‘rnini bosgan hamkasbi moliyaviy hisobotlarda muammolarni aniqlaganidan so‘ng, jinoyat fosh etilgan.

Ichki tergov natijasida Reychel o‘z aybini tan olib, politsiyaga to‘liq ko‘rsatma bergan. Sudda u bu ishni umidsizlikdan qilganini, erining giyohvandlik muammosi uni shu yo‘lga boshlaganini tushuntirgan. Uning advokati ayol ilgari sudlanmagan, hashamatli hayot kechirmagan va ruhiy salomatligi bilan bog‘liq muammolar bilan kurashganini ta’kidlagan.

Lekin Liverpul Qirollik sudi sudyasi Mark Eynsvort ish hajmini va ishonchni suiiste’mol qilganini inobatga olib, ayolni ikki yilga ozodlikdan mahrum qildi. Sud Uilsonning harakati nafaqat kompaniyaga, balki oilasiga, ayniqsa bolalariga katta zarar yetkazganini aytib o‘tdi.

    Boshqa yangiliklar