AsosiyDunyo

Eron yadro dasturi hujumlarga qaramay tiklanadi

Bu haqda Xalqaro atom energetikasi agentligi bosh direktori Rafael Grossi ma’lum qildi.

'Eron yadro dasturi hujumlarga qaramay tiklanadi'ning rasmi

Xalqaro atom energetikasi agentligi (MAGATE) bosh direktori Rafael Grossining aytishicha, Eron so‘nggi oylar ichida AQSH va Isroil tomonidan berilgan harbiy zarbalarga qaramay, yaqin oylarda uran boyitish jarayonini yana boshlashi mumkin, deya yozmoqda "zamon.uz". 

2025 yil 13 iyun kuni Isroil tomonidan Eronning yadro va harbiy obyektlariga havodan zarba berilgan edi. Isroil rasmiylari bu hujumlarni Tehronni yadroviy qurolga ega chiqishining oldini olish uchun amalga oshirganini bildirgan. Keyinchalik AQSH ham mojaroga jalb etilib, Fordo yadro inshootiga chuqur yerosti bombalarini yo‘llagan.

Tehron esa o‘zining yadroviy dasturi tinch maqsadlarga qaratilganini va ommaviy qirg‘in quroliga ega chiqish niyati yo‘qligini ta’kidlab kelmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, yetkazilgan zararning aniq hajmi noma’lum. Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi bu zararni «jiddiy» deb atagan, ammo tafsilotlarni oshkor qilmagan.

AQSH rasmiylari zarbalar natijasida Eronning yadro imkoniyatlari “o‘n yillarga ortga surilgani”ni bildirgan bo‘lsada, MAGATE rahbari bu da’voga shubha bilan qaraydi. Grossining so‘zlariga ko‘ra: “Ba’zi obyektlar hali ham saqlanib qolgan. Eron bir necha oy ichida, hatto undan ham kam muddatda uranni boyitishni boshlashi mumkin”.

Kuzatuvchi matijalariga ko‘ra, Eron hozirda 60 foiz darajada boyitilgan 408,6 kg og‘irlikdagi uran zaxirasiga ega bo‘lishi mumkin. Bu daraja tinch energiya maqsadlaridan yuqori, ammo qurol ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan darajadan pastdir. Ushbu zaxiralar Isroil va AQSH zarbalaridan oldin noma’lum joyga ko‘chirilgan bo‘lishi mumkin, deya taxmin qilinmoqda.

Grossi bu boradagi noaniqliklarga e’tibor qaratdi: “Bu materiallar qayerga ko‘chirilgani noma’lum. Bir qismi hujumlar chog‘ida yo‘q qilingan, qolganlari yashirin joylarga o‘tkazilgan bo‘lishi mumkin. Bu borada aniqlik kiritilishi lozim”.

Zarbalar ortidan Eron parlamenti MAGATE bilan bir qator hamkorliklarni to‘xtatishga qaror qildi. Fordo inshootiga tashrif buyurish bo‘yicha tashkilot rahbarining so‘rovi ham rad etildi.

    Boshqa yangiliklar