AsosiyJAMIYAT

Mirziyoyev pensiya tizimini tubdan isloh qilish bo'yicha takliflarni ko'rib chiqdi

Oylik ish haqi 7,6 million so‘mdan yuqori bo‘lganlar uchun esa ushbu chegaradan ortiq qismiga to‘langan ijtimoiy soliqning 1 foizini ularning jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘iga o‘tkazish taklif qilindi.

'Mirziyoyev pensiya tizimini tubdan isloh qilish bo'yicha takliflarni ko'rib chiqdi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 iyul kuni mamlakat pensiya tizimini isloh qilishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Unda jamg'arib boriladigan, xususiy va korporativ pensiya tizimlarini rivojlantirish, pensiya hisoblash tartibini takomillashtirish hamda fuqarolarni ushbu tizimda faol ishtirok etishga rag'batlantirishga qaratilgan qator yangi mexanizmlar muhokama qilindi.

Taqdimotda qayd etilishicha, so'nggi o'n yilda O'zbekistonda pensiya miqdori 3,3 barobar oshirilgan. Bugungi kunda eng kam pensiya miqdori 878 ming so'mni tashkil etmoqda. Bu ko'rsatkich minimal iste'mol xarajatlari miqdori — 715 ming so'mdan yuqori. Shuningdek, 2021 yilgacha 1,1 million nafar fuqaro 400 ming so'mdan kam pensiya olgan bo'lsa, hozirda bu holat bartaraf etilgani ta'kidlandi.

Taqdimotda rivojlangan davlatlarda jamg'arib boriladigan pensiya tizimi iqtisodiyot uchun uzoq muddatli moliyaviy resurs vazifasini o'tayotgani qayd etildi. Xalqaro valyuta jamg'armasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki hamda Xalqaro mehnat tashkiloti ekspertlari ham O'zbekistonda mazkur tizimni takomillashtirish iqtisodiyotga katta hajmda uzoq muddatli mablag'larni jalb qilish imkonini berishini ta'kidlagan.

Shu munosabat bilan ilg'or xorijiy tajriba asosida jamg'arib boriladigan, xususiy va korporativ pensiya tizimlarini rivojlantirish taklif etildi.

Hozirda fuqarolarning ish haqidan 0,1 foiz mablag' jamg'arib boriladigan pensiya hisobvarag'iga o'tkaziladi. Biroq ushbu mablag'larga hisoblanadigan yillik 10 foizlik daromad bank omonatlari bo'yicha taklif etilayotgan foizlardan qariyb ikki barobar pastligi qayd etildi.

Yangi takliflarga ko'ra, oylik ish haqi 7,6 million so'mgacha bo'lgan fuqaro o'z jamg'arib boriladigan pensiya hisobvarag'iga ish haqining 5 foizini o'tkazsa, davlat tomonidan qo'shimcha ravishda yana 2,5 foiz mablag' ajratiladi.

Oylik ish haqi 7,6 million so'mdan yuqori bo'lganlar uchun esa ushbu chegaradan ortiq qismiga to'langan ijtimoiy soliqning 1 foizini ularning jamg'arib boriladigan pensiya hisobvarag'iga o'tkazish taklif qilindi.

Shuningdek, pensiya hisoblash tartibini o'zgartirish ham rejalashtirilmoqda. Amalda pensiya miqdori mehnat faoliyatining so'nggi o'n yilidagi besh yillik ish haqi asosida hisoblanadi hamda ish haqining 6 million so'mdan yuqori qismi inobatga olinmaydi. Bu esa ayrim hollarda pensiya miqdorining kamayishiga sabab bo'layotgani qayd etildi.

Shu bois pensiya hisoblashda inobatga olinadigan ish haqi davrini 5 yildan 20 yilgacha uzaytirish, past daromad olingan ayrim davrlarni hisob-kitobdan chiqarish taklif qilindi. Shu bilan birga, 2027 yildan boshlab pensiya hisoblashda e'tiborga olinadigan ish haqining eng yuqori chegarasini 6 million so'mdan 6,6 million so'mgacha oshirish rejalashtirilmoqda.

Hisob-kitoblarga ko'ra, ushbu o'zgarishlar amalga oshirilsa, yangi tartib asosida pensiyaga chiqadigan fuqarolarning pensiyasi hozirgi tizimga nisbatan o'rtacha 8 foizga oshishi mumkin.

Prezident Shavkat Mirziyoyev pensiya tizimidagi o'zgarishlar millionlab fuqarolarning turmushi va kelajagiga bevosita ta'sir qilishini ta'kidlab, har bir taklifning ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlarini chuqur tahlil qilish zarurligini qayd etdi.

Shuningdek, mutasaddilarga mazkur islohotlarni aholi, ommaviy axborot vositalari va bloggerlar ishtirokida ochiq muhokama qilish, fuqarolarga uning maqsadi va kutilayotgan natijalarini atroflicha tushuntirish vazifasi yuklatildi.

Yig'ilish yakunida xorijiy tajribani har tomonlama o'rgangan holda xususiy va korporativ pensiya tizimlarini joriy etishga qaratilgan qonun loyihasini ishlab chiqish topshirildi.

    Boshqa yangiliklar