Ozarbayjon poytaxti Bokuda Rossiyaga qarashli “Sputnik Ozarbayjon” axborot agentligi ofisida tintuv o‘tkazildi. Natijada agentlikning bosh muharriri Igor Kartavyx va bosh muharrir o‘rinbosari Yevgeniy Belousov hibsga olindi.
Mahalliy “Minval” nashriga ko‘ra, ular Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) xodimlari bo‘lib, Ozarbayjonda jurnalist qiyofasida faoliyat yuritgan.
Shu kunning o‘zida “Sputnik” ofisidagi tintuvni suratga olayotgan “Ruptly” axborot agentligi muxbiri Aytekin Guseynova ham qo‘lga olingani haqida agentlik uning onasiga tayanib xabar berdi.
Voqea Rossiya va Ozarbayjon o‘rtasidagi keskinlashayotgan munosabatlar fonida yuz bermoqda. Ma’lumki, bir necha kun avval Rossiyaning Yekaterinburg shahrida bir guruh ozarbayjonliklar qotillikda gumonlanib qo‘lga olingan, ulardan ikki nafari tergov vaqtida vafot etgan. Ozarbayjon hukumati bu holat yuzasidan rasmiy norozilik bildirgan edi.
Eslatib o‘tamiz, “Ruptly”— bu Rossiyadagi davlat propagandasiga xizmat qiluvchi RT (Rossiya Today) telekanalining bo‘linmasi bo‘lib, “Rossiya Bugun” media holdingi tarkibiga kiradi. Shu holding doirasida faoliyat yurituvchi yana bir yirik tarmoq — Sputnik agentligi hisoblanadi.
Ozarbayjon rasmiylari voqea yuzasidan hozircha rasmiy bayonot bermagan. Biroq mahalliy nashrlar bu hibslar va tintuvlarni Ozarbayjon ichki xavfsizlik choralari doirasidagi keskin qadam sifatida baholamoqda.