Toshkent shahrida katta miqdordagi firibgarlik holati fosh etildi. Bu haqda DXX Darakchi’uz xabar berdi.
Qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari va Ichki ishlar departamenti tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 3 million AQSH dollari miqdorida kredit olib berishni va’da qilgan firibgarlar qo‘lga olingan.
Aniqlanishicha, Toshkent shahrida joylashgan MCHJ rahbari, 1979 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan ayol, Toshkent viloyatining Qibray tumanida yashovchi fuqaroning ishonchiga kirib, o‘zining mansabdor tanishlari orqali aksiyadorlik tijorat banklaridan biridan yirik miqdorda kredit olib bera olishini aytgan.
Evaziga esa kredit summasining 33 foizini, ya’ni 990 ming dollarni talab qilgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbir vaqtida ushbu ayol oldindan 150 ming AQSH dollari olgan vaqtda qo‘lga olindi. Uning noqonuniy sxemadagi hamkori — 1983 yilda tug‘ilgan, Urganch shahrida yashovchi erkak shaxs esa o‘zini bank xodimi sifatida tanishtirib, kredit mablag‘ini ajratib berishni va’da qilgan. U ham protsessual tartibda ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (katta miqdordagi firibgarlik) va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi (pora berishga suiqasd) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda gumondorlarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom etmoqda.