AQSh Eronga qarshi yangi harbiy zarbalarni amalga oshirdi. Shuningdek, shanba kuni Hormuz bo‘g‘ozi hududida Panama bayrog‘i ostidagi kemaga dron hujumi uyushtirilgani ma’lum qilindi. Bu haqda BBC nashri xabar berdi.
AQSh Markaziy qo‘mondonligi (Centcom) ma’lumotiga ko‘ra, tijorat kemalariga qarshi “davom etayotgan tajovuz”ga javoban Eron hududidagi bir nechta harbiy nishonlarga zarba berilgan.
Shuningdek, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IRGC) Quvayt va Bahrayndagi AQSh harbiy infratuzilmalariga raketa va dronlar yo‘llaganini ma’lum qildi.
O‘zaro zarbalardan so‘ng ikki tomon bir-birini o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni buzishda aybladi.
Centcom bayonotida Eron “o‘t ochishni to‘xtatish imkoniyatidan foydalanmagani” va Panama bayrog‘i ostidagi tankerga hujum qilgani ta’kidlandi. Bunga javoban AQSh HHK Hormuz bo‘g‘ozi yaqinidagi 10 ta Eron harbiy nishonga zarba bergani aytildi.
IRGC esa AQSh tomonidan Eronning bir nechta qirroq postlariga hujum qilinganini bildirib, unga javoban Quvayt va Bahrayndagi AQSh bazalariga zarbalar berilganini ma’lum qildi.
AQSh rasmiysi Reuters agentligiga hududdagi ob’ektlarda qurbonlar yoki jiddiy zarar qayd etilmaganini aytdi.
Eron Tashqi ishlar vazirligi AQSh hujumlarini keskin qoralab, buni “tinchlik kelishuvining buzilishi” deb atadi.
AQSh tomoni esa Eronni kelishuv shartlarini buzishda ayblab, vaziyat yanada keskinlashishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.






