Surxondaryo viloyatida 23 bosh noyob ilon — 6 bosh O‘rta Osiyo kobrasi va 17 bosh sharq bo‘g‘ma iloni yana tabiat bag‘riga qaytarildi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bu ilonlar fuqarolar tomonidan noqonuniy ravishda saqlab kelingani aniqlanib, reyd davomida olib qo‘yilgan va vaqtincha Toshkent hayvonot bog‘iga topshirilgan edi.
Keyinchalik Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti ushbu ilonlarning tabiiy yashash muhiti bo‘yicha ilmiy xulosa taqdim etgan.
Natijada, noyob ilonlar “Surxon” davlat qo‘riqxonasining Kampirtepa, Sherjon va Sholkon hududlariga ehtiyotkorlik bilan qo‘yib yuborildi.
Avvalroq Toshkent viloyatida ham noqonuniy ilon saqlash holati aniqlangani ma’lum qilingandi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, O‘rta Osiyo kobrasi Qizil kitobga kiritilgan bo‘lib, ayrim hududlarda butunlay yo‘qolib ketgan. Sharq bo‘g‘ma ilonining tabiiy populyatsiyasi haqida esa aniq ma’lumot yo‘q.