Italiyaning Oʻzbekistondagi sobiq elchisi P’ergabriele Papadia de Bottini Rimda hibsga olindi. U noqonuniy ravishda Rossiya fuqarolariga uzoq muddatli vizalar rasmiylashtirishda ishtirok etganlikda gumon qilinmoqda, deb xabar berdi La Repubblica.
Tergov maʼlumotlariga koʻra, Papadia Rossiya fuqarolariga turli turdagi uzoq muddatli turistik vizalarni qoidalarni chetlab oʻtgan holda pul evaziga berib kelgan. Toʻlovlar 4 mingdan 16 ming yevrogacha boʻlgan, ayni vaqtda standart viza toʻlovi 45–60 yevroni tashkil qiladi.
Sxemada Moskvadagi uchta turistik agentlik — "Happy travel", "Visa4you" va "Park lane" ishtirok etgani aytiladi. Tergovchilarga maʼlum boʻlishicha, kamida 95 nafar Rossiya fuqarosi shu usul orqali viza olgan. Ularning 80 dan ortigʻi Italiyaning Toshkentdagi konsulligiga umuman murojaat qilmagan, bu esa qoidalar buzilganini koʻrsatadi.
Ayrim arizalar Papadiaga Telegram orqali yuborilgani ham aniqlangan. Shuningdek, agentliklar 2025 yil yanvar–iyul oylari oraligʻida Bolgariyadagi bank hisob raqamiga 23,6 ming yevro oʻtkazgani qayd etilgan. Tergov bu mablagʻlar viza sxemasi bilan bogʻliq boʻlishi mumkinligini tekshirmoqda.
Italiya prokuraturasi hozirda yana qariyb 400 ta viza ishini tekshirmoqda. Papadia de Bottini 2024 yil dekabrida Italiyaning Oʻzbekistondagi elchisi etib tayinlangan, u lavozimni 2025 yil dekabrida tark etgan.






