Bugun, 23 iyul kuni Toshkent viloyati Qibray tumanida joylashgan yashash uyi va qurilish mollari do‘konida yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, holat soat 10:50 da "G‘.G‘ulom" MFY, "A.Navoiy" ko‘chasida joylashgan yashash uyi va qurilish mollari do‘konida yuz bergan.
Yong‘inni o‘chirish uchun 5 ta yong‘in-qutqaruv ekipajlari soat 10:57 da voqea joyiga borib, 11:17 da o‘rab olingan va yong‘in soat 11:50 da to‘liq o‘chirilgan.
“Yong‘in ortidan tan jarohati olganlar to‘g‘risida murojaat kelib tushmagan.Hozirda yong‘in sababi va zarari aniqlanmoqda”, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentdagi omborxonada yirik yong‘in sodir bo‘lgandi. Yong‘in 3 soat davom etib, so‘ng bartaraf etilgan.