So‘nggi kunlarda Pokiston hukumati Germaniyaga qabul qilish to‘g‘risida rasmiy taklifnomaga ega bo‘lgan 211 nafar afg‘onistonlik fuqaroni majburan Afg‘onistonga deportatsiya qildi. Bu haqda DW xabar bermoqda. Ular Germaniyaga ko‘chib o‘tishdan oldin xavfsizlik tekshiruvlaridan o‘tish uchun Pokistonda vaqtincha yashab turgan edi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Pokistonda 2000 dan ortiq afg‘on fuqarosi yashamoqda, ularning aksariyati Germaniya hukumati tomonidan ko‘chib o‘tishga ruxsat olgan.
Biroq hozirgacha ularning 450 nafari Pokiston migratsiya organlari tomonidan ushlangan, ayrimlari esa deportatsiya lagerlariga joylashtirilgan. Germaniya diplomatlari bir qismini ozod qilishga erishgan.
2021 yilda "Tolibon" harakati Afg‘onistonda hokimiyatni egallaganidan so‘ng, Germaniya Kobuldagi elchixonasini yopgan edi.
Shundan beri Germaniya tomonidan ruxsatnoma olgan afg‘onlar, asosan ayollar va bolalar (ular soni 1700 kishi atrofida), Pokistonda qolib ketgan. Ular ruxsat bo‘lishiga qaramay, Germaniyaga yo‘l ololmayapti.
Huquq faollari Yevropadagi byurokratik jarayonlarni tanqid qilib, bu kechikishlar inson hayotiga xavf solayotganini ta’kidlashmoqda. Kabul Air Initiative tashkilotining qayd etishicha, Germaniyaga ko‘chib o‘tishi kerak bo‘lganlar soni 2300 kishiga yetgan.
Shu bilan birga, Germaniya hukumati ham bunday muhojirlar oqimini cheklashga urinmoqda. Hukmron koalitsiya — Xristian-demokratlar (XDS/XSS) va Sotsial-demokratlar (SDP) — muhojirlarni qabul qilish dasturlarini qisqartirishga kelishib olgan.
Euro ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil may oyida Yevropa Ittifoqiga topshirilgan boshpana so‘rovnomalari soni 2024 yil may oyiga nisbatan 30 foizga kamayib, 55 mingga tushgan.