Tojikiston hukumat folbin va sehrgarlar xizmatidan foydalangan fuqarolarga 475 dollargacha jarima joriy qildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligining Dushanbe boʻyicha boshqarmasi.
Maʼlum qilinishicha, Bu xizmatlarga murojaat qilgan fuqarolar 3750 somoniy (396 dollar atrofida)dan 4500 somoniy (475 dollar atrofida)gacha jarimaga tortilishi mumkin.
Tojikistonning Maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi kodeksiga tuzatishlar 31 iyul kuni kuchga kirgandi, biroq bu haqda endigina maʼlum boʻldi, deya aniqlik kiritmoqda ASIA-Plus.
Soʻnggi bir yil ichida Tojikiston rasmiylari folbin va sehrgarlar hamda ularning mijozlariga qarshi kurashni kuchaytirgan. 2024 yilning yozida Tojikiston Ichki ishlar vazirligi folbin va sehrgarlarga borayotgan shaxslar organlar tomonidan chaqirtirilishi, shuningdek, ularning ismlari va fotosuratlarini idoraning maʼlumotlar bazasiga kiritilishi haqida ogohlantirish bergandi.
Oʻshanda mamakat rasmiylari «bu chora-tadbirlarning maqsadi xurofot, folbinlar va sehrgarlar xizmatidan foydalanishning oldini olish ekanligini, chunki baʼzi fuqarolar ularga murojaat qilib, sehr-jodu va afsungarlikning tarqalishiga hissa qoʻshishini» aytgan, deb yozdi ASIA-Plus.
Shuningdek, Tojikistonda folbinlik va sehrgarlik bilan shugʻullanganlik uchun jazo kuchaytirilgan. Parlament bunday xizmatlar uchun jarimani qariyb 800 dollargacha oshirdi va 10 kundan 15 kungacha maʼmuriy qamoqqa olishni joriy qildi. Agar takroran sodir etilsa, bu kattaroq jarima yoki bir yildan ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Maʼlumot uchun, mamakatda 2025 yilning ilk 6 oyida sehrgarlik va folbinlik bilan shugʻullanishning 495 ta holati aniqlangan.






