Suriyaning muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara sentyabr oyida Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tadigan BMT Bosh Assambleyasida ishtirok etishi va nutq so‘zlashi kutilmoqda. Bu haqda “Reuters” 25-avgust kuni Suriya rasmiysiga tayanib xabar berdi.
Ash-Shara 2024-yil 9-dekabrda Bashar Asad rejimi qulagach, tashkil etilgan o‘tish davri hukumatining yetakchisiga aylangandi. Keyinchalik Xalq kengashi tarqatildi va vaqtinchalik qonunchilik organlari tuzildi. 2025-yil bahoridan boshlab ijro hokimiyati to‘g‘ridan to‘g‘ri prezidentga bo‘ysunadigan tizimga o‘tilgan.
Ash-Shara shu kungacha Saudiya Arabistoni, Turkiya va Fransiyaga rasmiy tashriflar uyushtirgan. AQSH Prezidenti Donald Tramp ham may oyida u bilan Ar-Riyodda uchrashgan, uni “qattiqqo‘l inson” deb atab, Suriyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilganini e’lon qilgandi.
Ash-Sharaning BMTdagi nutqida Suriyadagi o‘tish davri islohotlari, xalqaro hamkorlik va sanksiyalar masalasi tilga olinishi kutilmoqda.