Joriy yilning 26–27 avgust kunlari Oʻzbekistonda rasmiy tashrif bilan boʻlgan Yaponiya Tashqi ishlar vaziri Takesi Ivaya 27-avgust kuni Toshkentda oʻzbekistonlik hamkori Baxtiyor Saidov bilan strategik muloqot shaklidagi ilk uchrashuvni oʻtkazdi. Yigʻilishda siyosat, xavfsizlik, iqtisod, innovatsiya, taʼlim, sogʻliqni saqlash, energetika, transport-logistika, madaniyat va insonlar oʻrtasidagi aloqalar kabi qator yoʻnalishlarda uzoq muddatli va oʻzaro foydali hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Bayonotda qayd etilishicha, ikki tomon investitsion sheriklikni mustahkamlashga, yapon texnologiyalarini Oʻzbekistonga joriy etishga va savdo-iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilishga tayyorligini bildirdi. Vazirlar, shuningdek, xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni kuchaytirish, xususan, BMT Xavfsizlik Kengashini kengaytirish boʻyicha oʻzaro qoʻllab-quvvatlashni taʼkidlagan. Muloqot doirasida "C5+1" shakli ham samarali mintaqaviy platforma sifatida eʼtirof etilgan. Takesi Ivaya tashrif davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi va Yaponiya Bosh vaziri Sigeru Ishibaning salomi hamda Mustaqillik kuni munosabati bilan yoʻllagan tabrigini yetkazdi. Strategik muloqot yigʻilishlari ikki yilda bir marotaba navbatma-navbat Toshkent va Tokioda oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda.






