Toshkentda BYD va Gentra haydovchilari yo‘l talashib janjallashdi. Holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB rasmiy ma’lumot berdi.
Xabarga ko‘ra, joriy yilning 19 mart kuni Yakkasaroy tumani Muqimiy ko‘chasida BYD va Gentra avtomashinalari haydovchilari o‘rtasida kelib chiqgan mojaroda homilador ayol tan jarohati olib, o‘z farzandidan ayirildi.
Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, voqea haydovchilardan biri yo‘lning o‘ng bo‘lagiga o‘tishga urinib qolganda boshlangan. Mojaro davomida BYD haydovchisi va uning yaqin qarindoshi ikkinchi haydovchiga hujum qilib, avtomobil oynalarini sindirgan hamda uning homilador turmush o‘rtog‘iga jismoniy tajovuz qilgan.
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining "Bezorilik" moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi. Hodisaning barcha ishtirokchilari qo‘lga olingan.
Homila nobud bo‘lishining aniq sabablarini aniqlish uchun sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan. Mutaxassislar xulosasi chiqqanidan so‘ng, jinoyat ishining huquqiy malakasi qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.