AsosiySUG'DIYONA

Juftingizga qayta oshiq bo`lishni istasangiz…

«Muhabbatni qanday qaytarish mumkin?» degan savolga, ehtimol, hech kim aniq javob bera olmas. Chunki bu har bir oilaning o`ziga xosligi, juftlikning xohish va irodasiga bog`liq. Faqat bir narsa aniq: bir-biringizni chindan sevsangiz, baxtli bo`lasiz!

 

Hayot qiziq-da. Kechagina bir-biringizga mehr bilan tikilib, to`y kunini soat sanab kutib, vasl onlarini entikib o`tkazgandingiz. Oradan bir necha yil o`tib, turli qiyinchiliklarni birgalikda engib, o`rni kelganda yon berib, bir necha farzand ko`rib, endigina turmushingizni barqarorlashtirganingizda boqsangiz, hammasi o`tib ketibdi. Tuyg`ular, ehtiroslar, orziqishu kashf etishlar… Hech biridan asar ham yo`q. Juftingiz ikkingizni bog`lab turgani faqat odatlaru farzandlar. Go`yoki siz ishq qasrini barpo etib, unda baxtiyor yashayotgan juftlik emas, shunchaki farzandlarning ota-onasi… «Men avvalgi tuyg`ularni qaytarishni, erimni bir paytlardagidek otashin va go`zal muhabbat bilan sevishni istayman», deb o`ylaysiz. O`ylayvermang-da, harakatni boshlang!

Barini birga hal qiling

Olimlarning fikricha, munosabatlarni qayta tiklashdan ko`ra yangisini boshlash osonroq ekan. Demak, yo`qotilganlarni qaytarish mushkulroq. Shu sababli, avvalo, borini avaylashga, tuyg`ularni vaqti-vaqti bilan soflashtirib turishga harakat qilish kerak. Munosabatlar oqar suv kabi doimo harakatda, rivojlanishda bo`lishi shart. To`xtab qoldimi, ayniy boshlaydi. Sevgi, bu — mehnat degani. Mehnat bo`lganda ham, mashaqqatli, har kuni amalga oshirilishi lozim bo`lgan, uzoq davom etadigan, ayni damda qiziqarli va kerakli jarayon. Agar o`z holiga tashlab qo`ysangiz, tuyg`ular ko`p o`tmay chok-chokidan so`kiladi, oilaviy hayot barbod bo`ladi yoki bir umrlik azobga aylanadi.

Juftingizga shirin so`zlarni naqadar ko`p va tez-tez aytasiz? «Sizga mana bu ko`ylak yarashibdi!», «Bugun boshqachasiz?!», «Boringizga shukr!» degan oddiygina, ammo hayotbaxsh jumlalar ko`p narsaga qodir. Nonushtaga u sevgan narsalarni pishirib qo`yish, tomog`i shamollamasligi uchun issiq sharf sotib olish, kompyuter oldida ishlab o`tirganida stoli ustiga shirin choy bilan mazali pishiriq qo`yib ketish… Bularning bari oddiygina e`tibor namunalari. Ammo ularning oilaviy munosabatlarni mustahkamlashdagi ahamiyati beqiyos.

Hamma narsa o`zgaradi, jumladan, o`zimiz ham. Shunday ekan, tuyg`ular nega o`zgarmasin? Masala shundaki, o`zgarishlar sizning nazoratingizda, aynan sizning xohishingiz bilan kechsin. Aks holda, siz istamagan yo`singa burilib ketishi mumkin.

Muhabbatni qanday qaytarish mumkin, degan savol ustida bosh qotirar ekansiz, avvalo, juftingiz bilan hamkor va hamdam bo`lishga intiling. Oilaviy muammolarning «meniki-seniki»si bo`lmaydi. Barini hamjihatlikda hal qilishga o`rganing. Ko`proq yordam bering, o`rni kelganda ko`mak so`rashni ham biling.

Ajib xotiralarni birgalikda eslang!

Hammasi qachon, qaerda, nimadan boshlangandi? Ilk uchrashgan oningiz, birinchi nigoh, aytilgan so`z, berilgan arzimas sovg`a… O`sha onlar ko`nglingizdan kechgan hislar, miyangizni band etgan xayollarni eslay olasizmi? Urinib ko`ring. Iloji bo`lsa, yoringiz bilan birga o`sha joylarga yana boring. O`sha muhitga qaytishga harakat qiling. Mana, u sizni qo`lida guldasta bilan kutib turgan joy, ana, birga muzqaymoq egan qahvaxona, qo`lingizni so`raganida taqdim etgan uzugi… Yuragingiz dukillab, kelajakka umid bilan boqayapsiz, oq-oydin orzularga cho`mayapsiz!.. To`y kunini eslang. Bunga fotosuratlar, videotasvirlar ham yordam beradi. Xullas, tez-tez shu onlarni yodga oling. Har safar yangi bir detalni xotirlashga intiling. Xotiralar — eng yaxshi tabib. Balki o`sha shirin damlardan ayrimlarini qaytarishga urinarsiz?!

Sayohatga chiqing!

Asal oyi — ajoyib davr. Atrofdagilar oldida juftingizga tik boqishga uyalgan, imo-ishoralar, nim boqishlar vositasida diydorlashgan, yolg`iz qolganingizda bir-biringizni shirin laqablar bilan atagan paytlar hech kimning yodidan ko`tarilmaydi. O`shanda eringiz siz uchun, siz esa uning uchun eng qiziqarli inson edingiz. Tonggacha davom etgan suhbatlar-chi? Ularni unutib bo`larkanmi? Ba`zilar bu davrni sayohatda, boshqalar oila davrasida o`tkazgan. Bordi-yu asal oyingizni qaynonayu qaynota bag`rida kechirgan bo`lsangiz, endi safarga chiqib, o`sha davrni takror yashab o`tishingiz mumkin. Ikki haftagina eru xotin biron sihatgoh yoki oromgohga keting. Ishoning, ayrim kitoblarni faqat bir marta emas, qayta-qayta o`qisa bo`ladi. Muhitni o`zgartirsangiz, mutolaadan yangi taassurotlar olishingiz shubhasiz.

Qiziqishlarni mushtaraklashtiring!

Eringiz bilan umumiy xobbi toping. Ruhshunoslarning ta`kidlashicha, umumiy mashg`uloti bor er-xotinlar orasida ajrashuvlar kam bo`lar ekan. Gaplashishga mavzular ko`payadi, hatto bahslar ham konstruktiv xarakter kasb etadi, ya`ni ular nimanidir buzish emas, yaratishga qaratiladi. Agar ijodkor bo`lsangiz, bu ayniqsa qo`l keladi. Ijodkorlar munosabatlar haqida gaplashishni, uni tasvirlash, ifodalashni xush ko`rishadi. Shu sababli bu xobbidan biron shoh asar yaratilishi ham mumkin. Muhimi, oilangiz saqlanib qoladi.

Rahmat aytishni unutmang!

O`zingiz uchun minnatdorchilik daftari tuting. Unga har kuni nikohingizdagi ezgu jihatlar, yoringizdan eshitgan shirin so`zingiz, olgan sovg`angiz, uning arzimas bo`lsa-da e`tibori, xullas, jamiki «bonus»larni yozib boring. Masalan, «Yaxshiyamki, erim kamgap, shu tufayli bugun katta janjalning oldi olindi» yoki «Shukrki, qat`iyatli, aks holda birimiz ikki bo`lmasdi». Ayrimlar erining uyda kam bo`lishidan noliydi. Buning nimasi yomon? Er-xotin kamroq ko`rishsa, bir-birini ko`proq sog`inadi. Boshqalar aksincha, erining uzzukun uyda o`tirishidan bezor. Yoningizda emas, boshqa ayolnikida o`tirganda baxtli bo`larmidingiz? Yaxshisi, «Azizim, boringizga shukr!» degan so`zlarni biting. Xullas, buni shukronalik daftari desa ham bo`ladi. Yoringizdan jahlingiz chiqqanda yoki «Bo`ldi, sabr kosam to`ldi», deya onangiznikiga otlanganingizda o`n daqiqagina shu daftarni o`qisangiz, hammasi joyiga tushadi. Har qanday munosabatlarda ham ijobiy va salbiy jihatlar bo`ladi. Aqlli ayol ijobiylarini ko`rib, ularni ko`paytirishga intiladi. Nodon xotin esa, aksincha, faqat salbiylariga e`tibor qaratadi. Natijada ular o`z-o`zidan ko`payaveradi.

«Muhabbatni qanday qaytarish mumkin?» degan savolga, ehtimol, hech kim aniq javob bera olmas. Chunki bu har bir oilaning o`ziga xosligi, juftlikning xohish va irodasiga bog`liq. Faqat bir narsa aniq: bir-biringizni chindan sevsangiz, baxtli bo`lasiz!

Shahnoza TO`RAXO`JAEVA

Boshqa yangiliklar