"Sog`lom avlod uchun" xalqaro xayriya fondida onalik va bolalikni muhofazalash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag`ishlangan anjuman bo`lib o`tdi. Unda O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi, Respublika skrining markazi vakillari, jurnalistlar ishtirok etdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
"Sog`lom avlod uchun" xalqaro xayriya fondi boshqaruvi raisi S.Inomova va boshqalar mamlakatimizda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning g`oyasi va tashabbusi asosida ishlab chiqilgan “Sog`lom ona – sog`lom bola” dasturi asosida amalga oshirilayotgan izchil ishlar navqiron avlodni har tomonlama etuk va barkamol etib voyaga etkazishda yuksak samaralar berayotganini alohida ta`kidladi.
Bu yo`nalishda "Sog`lom avlod uchun" xalqaro xayriya fondi ham izchil ish olib bormoqda. Oilalarga tibbiy yordamni yaqinlashtirish, oila a`zolari, ayniqsa, ayollar va bolalarning salomatligini muhofazalash, xonadonlardagi tibbiy-ijtimoiy, psixologik muhitni o`rganish, aniqlangan muammolarni hal etishga har tomonlama ko`maklashish, oilada sog`lom hayot tarzini yuksaltirishga alohida e`tibor qaratilayotir.
«Sog`lom ona va bola yili» Davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ana shunday tadbirlar jarayonida to`rt mingdan ko`proq oilaga tibbiy patronaj xizmati ko`rsatildi. Ikki yuz ellik mingdan ziyod aholi chuqurlashtirilgan tibbiy ko`rikdan o`tkazildi va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga manzilli ravishda muruvvat yordami etkazildi.
Nogiron bolalar tug`ilishining oldini olish, tug`ma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash va bunday farzandlari bor oilalarga tibbiy-ijtimoiy ko`mak ko`rsatishga ham alohida e`tibor qaratilayotir. Bu yo`nalishdagi ustuvor vazifalarni hayotga tatbiq etish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi hamda xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikda keng ko`lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, barcha skrining markazlari reaktiv va reagentlar bilan to`liq ta`minlanmoqda. Fenilketonuriya kasalligiga chalingan bolalar uchun maxsus ozuqalar etkazib berilmoqda.
Tadbirda fond mablag`i va davlat ijtimoiy buyurtmasiga asosan olingan navbatdagi ana shunday maxsus ozuqalar Respublika skrining markaziga topshirildi.