Ma’lum bo‘lishicha, sudlanuvchi 2024 yil noyabrida ishlash maqsadida Rossiyaga borgan va 2025 yil mart oyida katta pul miqdori va’da qilingani uchun Rossiya armiyasiga yollangan. Voronej shahrida 10 kunlik harbiy tayyorgarlikdan o‘tib, Luganskdagi harbiy qismga joylashtirilgan. U 2025 yil iyun oyigacha Ukrainaga qarshi jangovar harakatlarda ishtirok etgan.
Janglarning birida Ukraina armiyasi droni hujumi natijasida u og‘ir jarohat olgan. Keyin Moskvada davolanib, yana frontga yuborilgan. Sudlanuvchi u yerdan qochib, Qozog‘iston orqali 2025 yil 4 avgust kuni O‘zbekistonga qaytgan.
Tergovda va telefonda topilgan fotoma’lumotlar orqali uning jangovar harakatlarda qatnashgani tasdiqlandi. Sud tibbiyot ekspertizasi unda o‘rtacha og‘ir tan jarohatlari borligini qayd etdi.
Sud aybdorning aybini tan olgani, pushaymonligi, avval sudlanmaganligi va sog‘lik holatini inobatga olgan holda unga nisbatan yengillashtirilgan jazo qo‘lladi.
Hukmga ko‘ra, u JKning 154-moddasi 1-qismi bo‘yicha aybli deb topilib, 3 yilga ozodlikdan mahrum etildi.






