AsosiyJAMIYAT

O'zbekistonda onkologiya xizmati va palliativ yordam tizimi tubdan takomillashtiriladi

Eng ko‘p uchraydigan saraton turlarini erta aniqlash dasturlari ishlab chiqilib, tezkor tashxislash markazlari tashkil etiladi.

'O'zbekistonda onkologiya xizmati va palliativ yordam tizimi tubdan takomillashtiriladi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoyev onkologik, gematologik va onkogematologik kasalliklarga chalingan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish hamda palliativ xizmatlar tizimini rivojlantirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Taqdimotda saraton kasalliklarini erta aniqlash, zamonaviy usullarda davolash va aholi uchun ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar qamrovini kengaytirish bo‘yicha qator tashabbuslar ko‘rib chiqildi.

Qayd etilishicha, mamlakatda aholi o‘rtasida eng ko‘p uchraydigan saraton kasalliklari bo‘yicha maqsadli skrining tekshiruvlari qamrovini kamida 60 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, onkologik kasallikka chalingan bemorlar orasida besh yillik yashovchanlik ko‘rsatkichini hozirgi 35 foizdan kamida 45 foizgacha oshirish maqsad qilingan.

Buning uchun 2027 yildan boshlab Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va xalqaro ekspertlar ishtirokida ishlab chiqilgan Saratonga qarshi kurash milliy dasturi hududlarda bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Dastur doirasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari xodimlarining onkologik hushyorligini oshirish, ularni saratonning dastlabki belgilariga erta tashxis qo‘yish va bemorlarni ixtisoslashtirilgan muassasalarga o‘z vaqtida yo‘naltirish bo‘yicha qayta tayyorlash ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, xalqaro tavsiyalar asosida yangi klinik qo‘llanmalar qabul qilinib, onkologiya sohasida multidisciplinar yondashuv joriy etiladi. Bunda bemorga tashxis qo‘yish va davolash taktikasi bir vaqtning o‘zida bir nechta mutaxassis ishtirokida belgilanadi.

Eng ko‘p uchraydigan saraton turlarini erta aniqlash dasturlari ishlab chiqilib, tezkor tashxislash markazlari tashkil etiladi. Bu bemorlarga qisqa muddatlarda aniq tashxis qo‘yish imkonini beradi.

Taqdimotda nur terapiyasi xizmatini modernizatsiya qilish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, eski kobalt qurilmalari bosqichma-bosqich zamonaviy chiziqli tezlatkichlarga almashtiriladi, yuqori dozali braxiterapiya imkoniyatlari kengaytiriladi.

Palliativ va xospis xizmatlarini rivojlantirish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi. Rejaga ko‘ra, 2030 yilgacha aholining palliativ yordam bilan qamrovi kamida 80 foizga yetkaziladi.

Buning uchun joriy yilning 1 sentyabridan respublikada palliativ va xospis yordamini ko‘rsatishning yagona tizimi joriy etiladi. Tizim tibbiy va ijtimoiy xizmatlar integratsiyasi asosida ishlaydi hamda bemorlarni aniqlash, ro‘yxatga olish va xizmat ko‘rsatish jarayonlari elektron axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.

Shuningdek, uy sharoitida tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi mobil palliativ brigadalar tashkil etiladi. Barcha hududlarda xospis muassasalarini bosqichma-bosqich tashkil qilish rejalashtirilgan.

Dastlab Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida palliativ yordamga muhtoj onkologik bemorlarga xizmat ko‘rsatuvchi mobil guruhlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Samarqand viloyatida esa og‘ir va davolab bo‘lmaydigan kasalliklarga chalingan bolalar uchun maxsus xospis markazi tashkil etiladi.

Palliativ yordamga muhtojligi elektron tizimda qayd etilgan bemorlarga qo‘shimcha tibbiy ko‘riklarsiz nogironlik belgilash amaliyoti joriy etiladi. Uy sharoitida parvarishga muhtoj bemorlar funksional krovatlar va maxsus matraslar bilan vaucher tizimi asosida ta’minlanadi.

Taqdimotda gematologik va onkogematologik kasalliklarga chalingan bemorlarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordamni yanada takomillashtirish masalalari ham muhokama qilindi. Xususan, 2030 yilgacha mazkur kasalliklarni erta bosqichlarda aniqlash ko‘rsatkichini 60 foizga yetkazish, tashxis qo‘yilganidan keyin transplantatsiya amaliyotigacha bo‘lgan muddatni olti oydan uch oygacha qisqartirish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, davlat tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritayotgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini moddiy rag‘batlantirish bo‘yicha ham yangi takliflar ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, kamida 15 yillik mehnat stajiga ega tibbiyot xodimlari farzandlarining oliy ta’lim muassasalaridagi kontrakt to‘lovlarining bir qismini hamda ipoteka krediti asosida uy-joy sotib olishdagi dastlabki badalning bir qismini qoplab berish taklif etilmoqda.

Prezident Mirziyoyev taqdim etilgan takliflarni ma’qullab, onkologik va gematologik tibbiy yordamni aholiga yanada yaqinlashtirish, zamonaviy tashxis va davolash texnologiyalarini keng joriy etish hamda belgilangan chora-tadbirlarni samarali amalga oshirish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berdi.

    Boshqa yangiliklar