Prezident Shavkat Mirziyoyevga 2026 yil uchun eng ustuvor islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihalari yuzasidan axborot berildi. Qayd etilishicha, hujjatlar ilg‘or xorijiy tajriba asosida yangi yondashuvda ishlab chiqilgan bo‘lib, aniq mexanizmlar va KPI ko‘rsatkichlari belgilangan.
Islohotlar dasturlari mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish, mehnat bozorini takomillashtirish, ekologik muvozanatni ta’minlash, davlat boshqaruvi hamda sud-huquq tizimini isloh qilish kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi.
“Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” Davlat dasturi doirasida 337 ta chora-tadbir amalga oshirilishi, 59 ta muhim normativ-huquqiy hujjat va 12 ta strategik islohotga oid hujjat loyihasi ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.
Loyihalar keng jamoat muhokamasidan o‘tkazilgan. Internet orqali 5 milliondan ziyod foydalanuvchi hujjat bilan tanishib, 22 mingdan ortiq taklif bildirgan. Saralangan 1000 ga yaqin taklif Davlat dasturiga kiritilgan.
Dasturlarni amalga oshirish uchun 250,5 trillion so‘m va 50,4 milliard dollar mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. Ijro ustidan doimiy monitoring o‘rnatilib, har chorak va har yarim yilda hisobot berib boriladi.
Davlat rahbari barcha islohotlar, avvalo, aholi hayotida aniq natija berishi – yangi ish o‘rinlari yaratilishi, daromadlar oshishi va odamlar roziligida aks etishi zarurligini ta’kidladi.






