Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning "Darrakchi.uz"ga ma'lum qilishicha, voqea 18 fevral kuni yashash xonadonida sodir bo'lgan. 16 yoshli O'.O'. Qo'qon shahar 1-son IIB profilaktika inspektori bilan o'zaro janjallashib, unga oshxona pichoqi bilan tan jarohati yetkazgan. Oqibatda inspektor og'ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan.
Mazkur holat yuzasidan voyaga yetmagan shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi "b" bandi (o'z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan shaxsga qasddan og'ir tan jarohati yetkazish) bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan. Ushbu modda bilan aybdor deb topilgan shaxslarga 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.
Hozirda jinoyat ishi yuzasidan Qo'qon shahar prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmogda.






