Uning aytishicha, dunyo "keyingi ehtimoliy 10 kun ichida" Vashington bilan Tehron o‘rtasida kelishuv bo‘ladimi yoki harbiy stsenariy ishga tushadimi — shuni bilib oladi. Bu shunchaki diplomatik ogohlantirish emas. Bu — ultimatum.
Muzokara yoki mojaro?
Trump Eron bilan yadroviy dastur yuzasidan muzokaralar "juda yaxshi ketayotganini", biroq tarixan bu jarayon doimo murakkab bo‘lganini ta'kidladi. Uning iborasi aniq: "Mazmunli kelishuv bo‘lishi kerak, aks holda yomon narsalar sodir bo‘ladi".
Vashington so‘nggi haftalarda Yaqin Sharqdagi harbiy ishtirokini kuchaytirdi. Xususan, "USS Abraham Lincoln" aviatashuvchisi mintaqaga yo‘naltirildi. Oq uy yangi zarba variantlarini ham muhokama qilayotgani haqida xabarlar bor. O‘tgan yil iyun oyida AQSH Eronning uchta yadroviy ob'ektiga zarba berganini inobatga olsak, Trumpning bugungi ritorikasi shunchaki siyosiy bosim emasligi ayon bo‘ladi.
Tehrunning javobi: "Qonuniy nishon"
Eron esa keskin javob qaytardi. Tehron BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish yo‘llagan maktubida mintaqadagi AQSH bazalari Eronga qarshi hujum uchun ishlatilsa, ularni "qonuniy nishon" sifatida ko‘rishini bildirdi.
Eron Oliy rahbari Ali Xomainiy ijtimoiy tarmoqlarda yanada keskinroq o‘hangda chiqish qilib, "harbiy kemani dengiz tubiga yuboradigan qurol undan ham xavfliroq" ekanini yozdi. Bu ochiq tahdid.
Kongress ichidagi qarshilik
Trumpning ehtimoliy harbiy harakatlari AQSH ichida ham bir ovozdan qo‘llab-quvvatlanmayapti. Demokrat kongressmen Ro Xanna va respublikachi Tomas Massi 1973 yildagi Urush vakolatlari to‘g‘risidagi qonunga tayangan holda har qanday harbiy amaliyot uchun Kongress roziligi talab qilinishini eslatdi.
Bu nimani anglatadi? Agar Trump zarba berishga qaror qilsa, u nafaqat Eron bilan, balki ichki siyosiy frontda ham qarama-qarshilikka duch kelishi mumkin.
"Tinchlik kengashi" va yangi geosiyosiy o‘yin
Trump tomonidan e‘lon qilingan "Tinchlik kengashi" dastlab G‘azodagi urushni to‘xtatish tashabbusi sifatida talqin qilingandi. Biroq bugun u kengroq geosiyosiy platformaga aylanayotgandek. Ayrim kuzatuvchilar bu tashabbus BMT mexanizmlarini chetlab o‘tish urinishi bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmogda.
10 kun nimani hal qiladi?
Asl savol shuki, bu 10 kun ichida nima o‘zgarishi mumkin? Eron yadro dasturidan voz kechadimi? Yoki Trump saylovoldi bosqichida kuch namoyish etishni afzal ko‘radimi? 90 million aholiga ega, harbiy infratuzilmasini mustahkamlagan Eron bilan to‘qnashuv — bu qisqa operatsiya emas. Bu butun mintaqani qamrab oluvchi keng ko‘lamli mojaroga aylanishi mumkin.
Trumpning siyosiy uslubi bosim va tezkor qarorlar bilan ajralib turadi. Ammo Eron masalasi — bu tvit yoki qisqa ultimatum bilan hal bo‘ladigan muammo emas.
Oldinda turgan 10 kun — diplomatiya va harbiy stsenariy o‘rtasidagi eng nozik chiziq. Va bu chiziqdan kim birinchi o‘tishi butun Yaqin Sharq taqdirini belgilab berishi mumkin.






