AsosiyMutolaa

Makkoraning bayramni qanday kutgani…

Turmush qurganimizga o`n yildan oshibdiki, yangi yil bayramini qaynonamning uyida kutamiz. Bunga qarshiligim yo`q, albatta, ammo har bir kelin beka sifatida o`zi bilgancha bayramona dasturxon tuzashni, qaysi taomni tortish, qanday salat tayyorlash kerakligini mustaqil hal etishni orzu qiladi. Gaplarimdan qaynonalar xafa bo`lishmasin, bu bor-yo`g`i siz bizga necha yillardan buyon o`rgatib kelayotganlaringizning natijasini ko`rsatib, ko`nglingizga yo`l topish istagi…

Birinchi makr

Qo`limga qog`oz-qalam olib, har yangi yilni qaysi ketma-ketlikda kutishni yozib chiqdim.

1. Erta turib bolalarni kiyintirgancha qaynonamnikiga yo`l olish. (Qo`limda ikkita sumka, ichida har ehtimol uchun bolalarning bir nechta kiyimi, yangi yil kirib kelganida tarqatiladigan sovg`alar va dasturxonga qo`yish uchun bir kun avval pishirilgan patnisda pishiriq)

2. Ko`chaga chiqib bir amallab taksi tutaman, bolalarni hay-haylagancha mashinaga o`tqazaman. O`zim old o`rindiqqa o`tiraman, ko`zim orqa o`rindiqda bir-birini chimchilab talashib ketayotgan bolalarimda. Birining ko`ngli ayniqsa, boshqasi oynaning oldida o`tiraman deb xarxasha qiladi. Ishqilib eshikni ochib yubormasin deb yurak hovuchlagancha manzilga etib boraman.

3. Qaynonam va ovsinlarim bilan yarim soatlik salom-alik, bolalarning mashinada g`ijim bo`lgan kiyimlarini almashtirib, bayramga kiyadigan kiyimlari g`ijim bo`lmasligi uchun shkafga osaman.

4. Bir piyola choy ichib hormang-bor bo`ling degancha ovsinlarim bilan baravariga ishga kirishib ketaman. Biz oshxonada, bolalar qiy-chuv qilgancha ichkarida. Birdaniga nimadir sinadi, kimdir qattiq yig`lab qoladi yoki juda bo`lmasa galma-gal bir-biri ustidan chaqimchilik qila ketishadi:

— Buvijon, Sardor dasturxonga olib qo`ygan banandan edi.

— Mayli, bo`lar ish bo`pti.

— Unda mengayam bering.

Xullas, dasturxonga qo`yilishi kerak bo`lgan mevayu shirinliklarning yarmi bolalar jimgina o`tirishi uchun tarqatiladi.

5. Kechki soat oltida hamma katta dasturxon atrofiga yig`ilib, kun bo`yi pishirilgan taomlar eyiladi. Televizorda, albatta, futbol yoki erkaklar uchun qiziqroq bo`lgan dastur ko`riladi.

6. So`ng, bolalar dasturxondagi shirinlik, chaqindilardan ko`proq eb qo`yib mazasi qochmasligi uchun tezda hammasi yig`ishtiriladi.

7. Oiladagi erkaklar birin-ketin oshnalari bilan gurunglashgani ko`chaga chiqib ketishadi.

8. Yangi yil kirib kelguncha bolalar sovg`asini olib o`lda-jo`lda uxlab qolishadi. Yoshi o`tgan qaynona-qaynota ham albatta soat millari o`n ikkiga etib kelishini kutib o`tirishmaydi.

Ana yangi yilu, mana yangi yil. Bas! Endi hammasi boshqacha bo`ladi.

Birinchi galda qaynonamni o`z tarafimga og`dira boshladim:

— Oyijon, har yili bayramni kutaman deb soat o`n ikki bo`lmasidan charchab uxlab qolasiz.

— Nega charchayman, ovsinlaringiz bor, siz bor.

— Baribir tepamizda turib boshqarganingizni o`zi ish. Qachongacha bizni mehmon qilasiz? Shuncha farzandni nima uchun katta qilib qo`ygansiz axir? Rohatini ko`ring-da endi. Mayli desangiz bu yil men va ovsinlarim alohida dasturxon tuzaymiz. Siz dadam bilan hammamiznikida galma-gal mehmon bo`lib kelasiz. Yangi yilni esa biznikida kutasiz.

Oyijonga taklifim ma`qul tushganida o`zimni ettinchi osmonda his qildim. Tezda u kishiga yoqadigan taomlar asosida ikkimiz bayram dasturxoni menyusini tuzdik. O`zida yo`q xursand ovsinlarim ham men kabi yangi yilni mustaqil kutishga eng shimarishdi.

Ikkinchi makr

Bayramni uyda kutishga turmush o`rtog`imni ko`ndirish bir muncha qiyin kechdi.

— Uyda? Qanaqasiga? Bilasan-ku yangi yilni o`rtoqlarim bilan birga kutish udumimiz bor.

— Men sizga o`rtoqlaringiz bilan kutmaysiz demadim-ku. Hammasi har yildagidek, faqat bizning uyda bo`ladi.

Bir amallab ko`ndirdim, ammo u hali tomoshaning kattasi oldinda ekanini bilmaydi.

— Dadasi, mahalladan xontaxtani olib chiqmaysizmi?

— Katta stol turib nega xontaxta olib chiqaman?

— Menga baribir, ammo dadajon va oyijon mehmonga kelishadi. Yangi yil kirguncha stol-stulda o`tirib charchashlari mumkin.

Turmush o`rtog`im mehmonxonada turgan stol-stullarni yig`ib mahalladan ko`tarib chiqqan katta xontaxtani bezatishga tushdi. Bu orada men salat tayyorlay boshladim.

— Dadasi, mana bu dudlangan go`shtlarni qanday to`g`ray?

— Yupqaroq, sal qiyalatib kesgin, likopga ko`kat va tuzlama bilan tortasan. Ie, shunaqayam qalin kesasanmi? Bu yoqqa ber, o`zim kesaman.

— O`tgan gal choyxonada jo`jani ajoyib qovurishni o`rgandim degandingiz, hamma narsani tayyor qilib bersam qarashib yuborasizmi? Erkak kishining qo`li shirin bo`ladi deyishadi-ku.

Bir ozdan so`ng farzandlarimizga tayyorlab qo`yilgan syurprizni turmush o`rtog`imga ko`rsatdim.

— Dadasi, ishxonadan archa bayramiga taklifnoma berishgandi.

— Nima uchun aynan bugunga olding? Axir shuncha ish turganda kim bolalarni bayramga olib boradi?

— Sizga ish qoldirmayman. Kelguningizcha hammasini o`zim ulguraman. Pishiriqlarni kecha pishirib oldim, xolodesni bo`lsa o`tgan kuni tayyorlagandim. Somsani qarang, duxovkaga solib pishirish qoldi. Suyuq ovqat bo`lsa bas, ishim bitadi. Bolalar chalg`itmasa, dasturxonni ham o`zim eplab tashlayman. Birpas aylantirib kela qoling, iltimos.

Xullas, hammani jo`natib, ishlarimga ulgurdim, avvaldan gaplashib qo`ygan sartaroshimning yoniga chiqib sochimni chiroyli turmaklatib ham oldim.

Uchinchi makr

Bayramona dasturxon atrofiga o`tirganimizda qaynonamning yuzidagi ifodani ko`rib ichimdan sevinib qo`ydim. Demak, yoqibdi.

— Oyijon, mana bu siz yoqtiradigan salat, bunisini esa internetdan yozib oldim. Bir tatib ko`ring.

Har doimgidek taomlar tortilib qorin to`ygach, erginamning qo`l telefoni ketma ket jiringlay boshladi.

— Qaerda yig`ilamiz? Kutib tur, yarim soatda boraman.

Erimning shoshib qolganini ko`rib chetga chaqirdim.

— Oyim bilan dadamni tashlab ketaverasizmi?

— Ular yosh bola emas-ku, televizor ko`rib maza qilib o`tirishibdi.

— Ie, uyingizga kelgan mehmonni tashlab ketsangiz qandoq bo`larkin?

— Qanaqa odamsan? Axir, har yili og`aynilarim bilan to`planib yangi yil kutish udumimiz bor, bilib turib gapirasan-a?

— Ha, mayli, o`zingiz bilasiz. Mehmonlarniyam bir o`zim kutib olaveraman.

— Yana qanaqa mehmon?

— Aytish esimdan chiqibdi. Boshlig`ingiz rafiqasi bilan kelishmoqchi edi, ikki kun oldin opa bilan qo`ng`iroqlashganimizda gap orasida “keling” deb qo`ygandim, rostdanam keladigan bo`lishibdi. Yoki qo`ng`iroq qilib ishingiz chiqib qolgani haqida ogohlantirib qo`yaymi?

— Esing joyidami?! Kelgan mehmonni qanday qaytaramiz? Ha mayli, balki birpas o`tirishar, men ham o`rtoqlarimni yoniga ketishga ulguraman.

Qo`lim olti, oyog`im etti bo`lib mehmonlarni kutdim. Harakatlarim besamar bo`lmadi shekilli, mehmonlar ham naq soat o`n bir yarimgacha maza qilib o`tirishdi. Zimdan kuzatib tursam turmush o`rtog`im bildirmay soatiga qarab qo`yyapti, orada o`rtoqlariga «sms» yozadi.

Mehmonlarni kuzatib mehmonhonaga qaytganimizda turmush o`rtog`im og`iz juftlaguncha oyijonga shunday dedim:

— Oyijon, endi doim bayramni biznikida kutasiz. Qarang, siz biznikiga kelsangiz o`g`lingiz hech qayoqqa ketmay bayramni biz bilan kutar ekan.

Gaplarimdan hursand bo`lgan qaynonam ma`qulladi:

— Rostdanam shuncha yildan buyon Yangi yilni qanday kutishni bilmagan ekanmiz. Bola-chaqaning rohatini ko`rish bo`lsa shunchalik bo`lar! Har yili ko`pchilikka unnab charchab qolarkanman. Bu yil farzandlarimnikida bittama-bitta mehmon bo`lib yayradik. Bolam ham mening e`tiborimga to`ymagan ekan, mana, ko`chaga chiqmay biz bilan o`tiribdi.

Turmush o`rtog`imga qaradim. Bildirmay xo`rsindiyu, qadahlarga sharbat qo`yib yangi yilni kutishga tayyorlana boshladi.

Nigora SOLIHOVA

Boshqa yangiliklar