AsosiyJINOYAT

Samarqandda sanitariya xulosasi uchun pora talab qilgan mansabdor ushlandi

Hozirda ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

'Samarqandda sanitariya xulosasi uchun pora talab qilgan mansabdor ushlandi'ning rasmi

Samarqand viloyatining Toyloq tumanida sanitariya-epidemiologik xulosa rasmiylashtirib berish evaziga pora talab qilgan mansabdor shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, Toyloq tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi bo‘linma boshlig‘i o‘zining mansabdor tanishlari orqali yakka tartibdagi tadbirkorga tegishli non va non mahsulotlari ishlab chiqarish sexi uchun sanitariya-epidemiologik xulosa rasmiylashtirib berish evaziga 9 million so‘m talab qilgan.

Qayd etilishicha, mazkur shaxs avvalroq 100 AQSh dollari va 500 ming so‘m olgan. Keyinchalik talab qilingan mablag‘ning yana 400 AQSh dollarini olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Davlat xavfsizlik xizmati fuqarolarni korrupsiya va boshqa qonunbuzilish holatlariga duch kelganda idoraning 1520 qisqa raqami orqali murojaat qilishga chaqirgan. Qayd etilishicha, murojaat etuvchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.

    Boshqa yangiliklar