AsosiyJINOYAT

Elektr rahbari porada, “o‘qishga kiritish”ni va’da qilgan shaxs esa firibgarlikda ushlandi

Qayd etilishicha, ushbu rahbar muqaddam ham sudlangan bo‘lib, shunga qaramay yana jinoyat sodir etgan.

'Elektr rahbari porada, “o‘qishga kiritish”ni va’da qilgan shaxs esa firibgarlikda ushlandi'ning rasmi

Samarqand viloyatida elektr ta’minoti korxonasi rahbari pora olishda, Toshkent shahrida esa fuqaroni oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan shaxs firibgarlikda qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, Samarqand viloyati tumanlaridan biridagi elektr ta’minoti korxonasi rahbari mahalliy tadbirkorga tegishli umumiy ovqatlanish shoxobchasining elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanishi oqibatida davlatga yetkazilgan 393 million so‘mlik zarar yuzasidan jinoiy javobgarlikka torttirmaslikni va’da qilgan. Shuningdek, zarar miqdorini kamaytirib ko‘rsatgan holda ishni ma’muriy tartibda sudga yuborish evaziga u 5 ming AQSH dollari talab qilgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, mansabdor shaxs joriy yil iyul oyi oxirida ushbu mablag‘ning 4 ming dollarini olgan. Keyinchalik qolgan 1 ming dollarni ham uchinchi shaxs orqali qabul qilayotgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Qayd etilishicha, ushbu rahbar muqaddam ham sudlangan bo‘lib, shunga qaramay yana jinoyat sodir etgan.

Yana bir holat Toshkent shahrida aniqlangan. Unda 1988-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs o‘zining yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali 2001-yilda tug‘ilgan fuqaroni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan. Buning evaziga u 20 ming AQSH dollari talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda gumonlanuvchi oldindan 13 ming AQSH dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

    Boshqa yangiliklar