Namangan viloyatida sifatini tasdiqlovchi hujjatlari bo'lmagan 13 mingdan ortiq quti dori vositalarining muomalaga kiritilishiga chek qo'yildi.
Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Tezkor tadbir davomida fuqaro A.T. va boshqalar "Boburshoh" mahallasidagi xonadonda 56 turdagi 13 184 quti dori vositasini sotish maqsadida saqlab kelgani aniqlangan.
Ularning umumiy qiymati 577,4 million so'mni tashkil etgan. Dorilar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.






