1

Yilning 12 oyini qanday o`tkazmoqchisiz?

SUG'DIYONA 03.01.2017, 09:31
Teglar: SUGDIYONA, Yangi yil
Yilning 12 oyini qanday o`tkazmoqchisiz?

Yangi yilda bajarmoqchi bo`lgan ishlaringizni oyma-oy belgilab olsangiz, ancha oson kechadi. Ishonmasangiz, qo`lingizga qog`oz-qalam oling-da, biz tuzgan rejaga diqqat qiling. Ehtimol unda o`zingizga keraklilarini toparsiz. Ha-ya, o`zingiz tuzgan rejalarni ham qayd etishni unutmang!

Yanvar

Yangi xaridlar vaqti!

Bordiyu o`tgan yilda biror nima xarid qilishni rejalashtirib, amalga oshirolmagan bo`lsangiz, yangi yilda albatta ishni ana shu rejadan boshlang. Aytishlaricha, yil boshida qilingan xaridlar hayotingizga ham yangilik olib kelarkan. Masalan, uyingizni alishtirmoqchisiz yoki ro`zg`orga kerakli biror anjom xarid qilish istagingiz bor. Bu kabi ishlarni keyingi oyga qoldirmay, aynan yilning birinchi oyida bajaring. Yangi xaridlar hayotingizdagi bir xillikni o`zgartiradi.

Fevral

Ta`mirlash ishlarini boshlang!

Yilning ikkinchi oyi iliq mavsumga biroz yaqin bo`lgani bois uy-joy ta`mirlash ishlari bilan shug`ullanish uchun qulay. Ehtimol, anchadan buyon hammomga yangi kafel o`rnatishni o`ylab yurgandirsiz yoki xona gulqog`ozlarini yangilash istagingiz bordir. Yaqinlaringiz bilan maslahatlashgan holda ana shunday katta-kichik ta`mirlash ishlarini boshlang. Imkoniyatingizga qarab, qancha erta boshlasangiz, qolgan ishlaringiz ham birin-ketin bo`laveradi.

Mart

Salomatligingizga e`tibor qarating!

Mart oyida organizmimiz qishqi uyqudan uyg`onadi. Demakki, bu vaqtda shifokorlar ko`rigidan bir-bir o`tib qo`ysangiz, zarar qilmaydi. Darvoqe, taomnomangizga ham vitaminga boy mahsulotlar qo`shish vaqti keldi. Bu qish bo`yi iste`mol qilgan yarimtayyor mahsulotlarni asta-sekin kamaytiring-da, tabiiy turlariga o`ting, degani. Mart oyida bizning bayramimiz borligini unutmadingizmi? Ha, yashang! Bayramga munosib bo`lish uchun qishda yig`ilib qolgan ortiqcha “yuk”larni sport mashg`ulotlari orqali yo`qotish mumkin. Uyingizda ham bahorga hamohang tozalik tadbirlarini o`tkazsangiz, foydadan xoli bo`lmaydi.

Aprel

Qish bilan xayrlashing!

Aprel oyidan boshlab, kunlar ancha isib qoladi. Demak, qishqi kiyimlarni yig`ishtirsangiz ham bo`laveradi. Aytgancha, pardoz vositalaringizga ham bir ko`zdan kechiring. Balki yil bo`yi foydalangan pardoz vositalaringizni yangilash vaqti etgandir. Qolaversa, bahor mavsumida yuz terisini oziqlantiruvchi vositalarni ishlatish kerak. Shu bilan birga, organizmingiz quvvat manbaini tiklab olishi uchun sport mashg`ulotlariga ham ahamiyat bering. Ertalabki iliq havoda sayr qilish, yugurish ham kayfiyatni ko`taradi, ham sog`lik uchun foydali.

May

Intererni o`zgartiramiz!

Uy jihozlaringizni so`nggi marta qachon yangilagandingiz? Oila a`zolaringiz tez-tez yig`iladigan joy — tamaddi qilinadigan oshxona, to`g`rimi? Demak, intererni yangilashni aynan shu erdan boshlang. Oshxona jihozlarini almashtirishning imkoni topilmasa, hech bo`lmaganda yangi idish-tovoqlar xarid qiling. Yoki avvaldan olib qo`yganingiz bo`lsa, ana shulardan foydalaning. Bir xillik bo`lmasligi uchun xonadagi boshqa jihozlar o`rnini ham o`zgartirib chiqing. Tasavvuringizni ishga soling!

Iyun

Zehningizni ishga soling!

Issiq mavsumning birinchi oyi! Uddaburon bekalar bu oyda murabboyu kompotlar uchun hozirlik ko`rishadi. Shakar, shisha bankalar, qopqoq va konserva mahsulotlari uchun ishlatiladigan asboblar yaroqliligini ko`zdan kechirib qo`ysangiz zarar qilmaydi. Ha-ya, narx-navoga ham e`tibor qaratishni unutmang! Imkoningiz bo`lsa, murabbolar uchun shakarni ulgurji narxda xarid qilsangiz, yutqazmaysiz.

Iyul

Oilaviy sayohatga chiqing!

Issiq havoda yaqinlaringiz bilan tog` yonbag`irlari, bahavo joylarda dam olishga nima etsin! Ammo mazza qilib hordiq chiqarish uchun qaerga bormoqchiligingizni oldindan rejalashtirib oling. Chunki siz kabi boshqalar ham dam olish maskanlariyu sihatgohlarga yo`l olishadi-da! Agar sog`lig`ingizda biror muammo bo`lsa, yaxshisi, sihatgohlarni tanlang. Ham dam olasiz, ham keraklicha davolanishingiz mumkin. Oilaviy sayohatlarga chiqishdan avval hordiq uchun garderobingizni ko`zdan kechirishni unutmang. Ehtimol suv havzalari yoki tog` sayrlari uchun liboslaringizni yangilash kerakdir.

Avgust

Garderobingizni yangilang!

Ahamiyat bergan bo`lsangiz, yozning so`nggi oyida libos do`konlarida chegirmalar e`lon qilinadi. Bu siz uchun qulay imkoniyat. Avvaliga garderobingizni ko`zdan kechirib, nimalar kerakligini chamalab oling. Biroq kuz oylari yaqinligini ham unutmang. Odatda yozning so`nggi oyida urf bo`lgan liboslar keyingi mavsumda ham dolzarb bo`ladi. Darvoqe, bu oylarda qishqi po`stinlarning narxi birmuncha arzon bo`lar ekan. Agar qulay va arzonroq narxdagi qishbop kiyimlarni xarid qilishga to`g`ri kelsa, bemalol do`konlarga yo`l olavering. Biroq urfga mos kiyinishni yoqtirsangiz, qish kelishini kutishdan boshqa ilojingiz yo`q.

Sentyabr

Qishga hozirlik ko`ramiz!

Sentyabrni yangi ish mavsumi deya bejiz aytishmaydi. Maktab o`quvchisidan boshlab idora xodimigacha yangi ish-o`quv mavsumini boshlaydi. Uy bekalari uchun esa bu sabzavotlardan tuzlamayu ikralar, turli sharbatlar yopish oyligi. To`g`ri, qish g`amini hozir o`ylasak, o`zimizga yaxshi-yu, biroq bor vaqtingiz oshxonada o`tmasin-da! Iliq kuzgi havoda dugonalaringiz bilan uchrashing, iloji bo`lsa, sport mashg`ulotlariga qatnang. Asosiysi, o`zingiz haqingizda ham unutib qo`ymang!

Oktyabr

Mavsum tayyorgarligi

Kuzgi kiyimlarni ham javondan olaversangiz bo`ladi. Bu yog`iga kunlar biroz salqinlashib, issiq kiyimlarga ehtiyoj sezasiz. Balki kuzgi garderobingizga kurtka yoki plashch xarid qilishni o`ylagandirsiz. Bu oyda uy tozalash vositalari, ro`zg`or uchun kerakli anjomlarni xarid qilsangiz, yutqazmaysiz. Kuzgi poyafzallar uchun moyli surtmalar ham yodingizdan chiqmasin. Odatda oktyabr oyida turli kasalliklar avj oladi. Sizning vazifangiz o`zingiz va oila a`zolaringiz salomatligiga nihoyatda sergak bo`lish. Chunki havo harorati dam issiq, dam salqin bo`lishi tufayli kasallanib qolish hech gap emas.

Noyabr

Qishni qarshilashga tayyormisiz?

Bu oyda qishga hozirlikni boshlash lozim. Dastlab uyingiz xonalarini bir-bir ko`zdan kechiring. Ehtimol eshik, romlar orasida yoriqlar pydo bo`lgandir? Xona issiqligi qanday? Bordiyu biror muammoni payqasangiz, darhol bartaraf etishga kirishing. Bunda sizga turmush o`rtog`ingizning yordami asqotadi. Farzandlaringiz ust-boshida kamchiliklar yo`qmi, shularga ham ahamiyat bering. Qish kunlarida muammoga duch kelmaslik uchun issiq kiyim va poyafzallar xaridini kechiktirmang.

Dekabr

Bayram shukuhi!

Oy boshidanoq Yangi yilni qanday kutib olishni yaqinlaringiz bilan rejalashtirib olsangiz, shunga qarab qolgan ishlaringizni bajarishingiz mumkin. Bayramga sovg`alar olish uchun oy boshidan oz-ozdan pul jamg`arib boring. Bayram dasturxoni uchun yangicha reseptlardan yig`ib borsangiz, oy oxiriga kelib, “Nimalar qilay?” degan savol tashvishga solmaydi. Yangi yilda yanada go`zal va latofatli ko`rinish uchun oldindan go`zallik salonlariga yozilib qo`ying. Soch turmagingiz, imidjingizni ham imkon qadar bir sidra o`zgartirsangiz, yanada yaxshi. Bu yilgi bayramni har doimgidan boshqacha kutib olish uchun oilaviy o`yinlar, mashg`ulotlar o`ylab qo`ying. Unga qadar dam olish kunlarida tog`li maskanlarda mazza qilib chang`i uchib, hordiq chiqarishingiz mumkin.

Samira ULUG`BEKOVA tayyorladi 

Sharhlar

O`zbekiston bosh archasi qaerda o`rnatilgani ma`lum qilindi (video)

10.12.2021, 10:32

Har yili uzoq kutiladigan Yangi yil ayyomiga sanoqli kunlar qoldi. Toshkentda esa bayram tantanalarini nishonlash uchun tayyorgarlik ishlari allaqachon boshlab yuborilgan.  Eng baland sanalgan yurtimizning...
Yangi yilni yana qorsiz kutib olamizmi?

27.12.2019, 17:33

Insonlar Yangi yil bayramini odatda qorli sovuq ob-havo bilan kutib olishni xohlaydilar.Biroq boshqa janubiy o`lkalar kabi O`zbekiston aholisi ham har doim Yangi yilni qor bilan...
Qashqadaryoda “Eng yaxshi yangi yil manzarasi” tanlovi boshlandi. Ilk ishtirokchi "InFinBank" (foto)

17.12.2019, 22:10

Qashqadaryodagi tashkilot, korxona va muassasalar binolarini yangi yil arafasida bayramona bezalganlik darajasini aniqlash maqsadida viloyat hokimligi tomonidan “Eng yaxshi yangi yil manzarasi” tanloviga start berildi,...
Toshkentning asosiy Yangi yil archasi odatdagidan erta o`rnatila boshladi (foto)

26.11.2019, 17:14

Istiqlol ko`chasidagi Alisher Navoiy nomidagi kutubxonada yonida odatdagidan ko`ra erta Toshkentning asosiy yangi yil archasi o`rnatila boshlandi.Darakchi.uz tahririyatiga yuborilgan suratlardan ko`rinib turibdiki, Archaning karkasi o`rnatib...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1