Qirgʻizistonning Oʻsh shahrida jinoyat-qidiruv xodimlari xalqaro qidiruvda boʻlgan ikki nafar Oʻzbekiston fuqarosini qoʻlga oldi. Bu haqda shahar militsiya boshqarmasi maʼlumotlariga tayanib, "24.kg" xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, 1988 yilda tugʻilgan birinchi fuqaro 6 avgust kuni Masaliyev koʻchasidagi xonadonlardan birida ushlangan. U Andijon viloyatida yashaydi va muqaddam bir necha bor sudlangan.
Mazkur shaxs 2025 yil 31 dekabrdan buyon xalqaro qidiruvda boʻlgan. Oʻzbekistonda u fuqarolar va huquq-tartibot xodimlariga nisbatan kuch ishlatish bilan bogʻliq jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanmoqda.
1985 yilda tugʻilgan ikkinchi fuqaro esa 7 avgust kuni Avitsenna koʻchasida qoʻlga olingan. U ham Andijon viloyatida yashaydi. Militsiya maʼlumotiga koʻra, mazkur shaxs Toshkent shahrida qotillik sodir etganlikda gumonlanib, xalqaro qidiruvga berilgan.
Hozirda har ikki shaxs Oʻsh shahar ichki ishlar boshqarmasining vaqtincha saqlash hibsxonasida saqlanmoqda. Ularni Oʻzbekiston huquq-tartibot organlariga topshirish masalasi koʻrib chiqilmoqda.






