AsosiyDUNYO

Apple 110 davlatdagi foydalanuvchilarini josuslik dasturlari xavfidan ogohlantirdi

Apple xavf haqida xabar olgan foydalanuvchilarga Lockdown Mode — "Cheklov rejimi"ni yoqishni tavsiya qildi.

'Apple 110 davlatdagi foydalanuvchilarini josuslik dasturlari xavfidan ogohlantirdi'ning rasmi

Apple kompaniyasi 110 ta davlatdagi ayrim foydalanuvchilariga murakkab josuslik dasturlari hujumi nishonga olingan bo'lishi mumkinligi haqida xavfsizlik ogohlantirishlarini yubordi. Kompaniyaning bildirishicha, xavf iPhone, iPad va Mac qurilmalariga taalluqli bo'lishi mumkin. Bu haqda TASS xabar berdi.

Ogohlantirishlar 13 avgust kuni yuborilgan. Apple josuslik dasturlari bilan bog'liq tahdidlar haqida ogohlantirishlarni boshlaganidan buyon 150 dan ortiq davlatdagi foydalanuvchilarini xabardor qilgan.

Kompaniya ma'lumotlariga ko'ra, bunday dasturlar oddiy zararli dasturlardan farq qiladi va asosan aniq shaxslarni nishonga olish uchun qo'llanadi. Ulardan hukumatlar, shuningdek, jurnalistlar, faollar va fuqarolik jamiyati vakillarini kuzatishda foydalanilgan holatlar ham qayd etilgan.

Apple endi xavfsizlik ogohlantirishlarini to'g'ridan-to'g'ri iPhone'ning qulf ekranida ko'rsatmoqda. Shuningdek, xabarlar elektron pochta orqali yuboriladi va foydalanuvchi Apple akkauntiga kirganida ham aks etadi.

Kompaniya ogohlantirish olish qurilma allaqachon buzib kirilganini anglatmasligini ta'kidladi. Bu Apple maxsus nishonga olish ehtimoli borligini ko'rsatuvchi shubhali faollikni aniqlaganini anglatadi.

Apple xavf haqida xabar olgan foydalanuvchilarga Lockdown Mode — "Cheklov rejimi"ni yoqishni tavsiya qildi. Mazkur rejim yuqori darajada nishonga olingan kiberhujumlardan himoyani kuchaytirishga mo'ljallangan.

    Boshqa yangiliklar