Eron tashqi ishlar vazirining huquqiy va xalqaro masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Kozim G‘aribobodiy AQSh prezidenti Donald Trampning Hormuz bo‘g‘ozini AQSh hududi deb e’lon qilish haqidagi bayonotiga keskin munosabat bildirdi. Bu haqda Tasnim news xabar berdi.
G‘aribobodiyning ta’kidlashicha, Hormuz bo‘g‘ozini tvit, avianosets, farmon yoki saylovoldi nutqi orqali egallab bo‘lmaydi. U Eron tahdidlardan qo‘rqmasligi va kuch ishlatish bilan bog‘liq bosimlarga taslim bo‘lmasligini bildirdi.
Eron vakili, shuningdek, bo‘g‘ozning ochilishi yoki yopilishi Eron nazoratida ekanini qayd etdi. Bu bayonot Tehron va Vashington o‘rtasida Hormuz bo‘g‘ozi ustidan nazorat masalasi keskinlashgan bir paytda yangradi.
Avvalroq Tramp Eron "mag‘lub etilganidan" so‘ng Hormuz bo‘g‘ozini AQSh hududi deb e’lon qilishini aytgan edi. U AQSh dengiz kuchlari bo‘g‘ozni blokada qilgani va kemalar harakati Vashington xohishiga bog‘liqligini bildirgan.
Hormuz bo‘g‘ozi jahon neft savdosi uchun muhim strategik yo‘lak hisoblanadi. U orqali odatda dunyodagi dengiz orqali tashiladigan neftning qariyb beshdan bir qismi o‘tadi. Ayni paytda bo‘g‘ozdagi keskinlik va harakat cheklovlari global energetika bozoriga ham ta’sir ko‘rsatmoqda.






