AsosiyDUNYO

Eronada benzin narxi oshirilishi mumkin.

Eron hukumati mamlakatda benzin narxini oshirishning bir nechta variantini ko‘rib chiqmoqda.

'Eronada benzin narxi oshirilishi mumkin.'ning rasmi

Bu masala AQShning yangi sanksiyalari arafasida iqtisodiy bosim kuchayib, oziq-ovqat va boshqa mahsulotlar narxi keskin oshib borayotgan bir paytda muhokama qilinmoqda.

Eron rasmiylariga ko‘ra, amaldagi subsidiyalangan yoqilg‘i narxlari davlat byudjetiga katta yuk bo‘lmoqda. Hozir mamlakatda bir kunda qariyb 135 million litr yoqilg‘i iste’mol qilinmoqda, ichki ishlab chiqarish hajmi esa 121 million litr atrofida.

Hukumat benzin narxini o‘zgartirish bo‘yicha bir nechta taklifni muhokama qilmoqda. Variantlardan biriga ko‘ra, amaldagi narxlar saqlab qolinadi, biroq belgilangan limit tugaganidan so‘ng ayrim yoqilg‘i quyish shoxobchalarida sotuv cheklanishi mumkin.

Yana bir taklif barcha fuqarolarga har oy 30 litr benzinni eng arzon tarifda berishni nazarda tutadi. Uchinchi variant esa benzin narxlarini bosqichma-bosqich erkinlashtirishni ko‘zda tutmoqda.

Hukumat litri 872 ming rial, ya’ni taxminan 44 sent bo‘lgan tarifni ham ko‘rib chiqmoqda. Biroq bunday keskin oshirish transport va logistika xarajatlarining ko‘payishi orqali inflyatsiyani yanada kuchaytirishi mumkin.

Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon yakshanba kuni mamlakatda muammolar ko‘pligini va hukumat aholini yuzaga kelayotgan qiyinchiliklardan himoya qilish uchun harakat qilayotganini aytdi.

Hukumat vakillari esa eng arzon tarifdagi 60 litrlik oylik kvota saqlab qolinishini bildirgan. Ayni vaqtda boshqa tarif bo‘yicha ajratiladigan kvotalar bosqichma-bosqich qisqartirilishi mumkin.

Eron Statistika markazi ma’lumotlariga ko‘ra, iyul oyida mamlakatda narxlar o‘tgan yilning shu oyiga nisbatan 88 foizga oshgan. Oziq-ovqat mahsulotlari inflyatsiyasi esa 128 foizdan yuqori bo‘lgan. Benzin narxining oshirilishi transport xarajatlari orqali boshqa tovar va xizmatlar qimmatlashishiga ham olib kelishi mumkin.

Shu bilan birga, Eron milliy valyutasi — rial ham rekord darajada qadrsizlandi. 24 avgust kuni norasmiy valyuta bozorida 1 AQSh dollari 2,02 million rialgacha ko‘tarildi. Markaziy bankning rasmiy kursi esa bir dollar uchun qariyb 1,5 million rialni tashkil etgan.

Milliy valyuta inflyatsiya, iqtisodiy o‘sishning pasayishi, AQSh sanksiyalari va qariyb olti oydan beri davom etayotgan urush fonida bosim ostida qolmoqda.

Eron hukumati benzin narxini oshirish bo‘yicha yakuniy qarorni yaqin haftalarda qabul qilishi kutilmoqda.

    Boshqa yangiliklar