O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Pekin shahrida Xitoy Kommunistik partiyasi tarixi muzeyiga tashrif buyurdi. Saida Mirziyoyeva 2025 yil iyunidan buyon Prezident Administratsiyasi rahbari lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.
U muzeyda Xitoyning bir asrlik taraqqiyot yo‘lini aks ettiruvchi ekspozitsiyalar bilan tanishdi.
“Mazkur majmua o‘zining salobati, ulug‘vorligi va mamlakatning bir asrlik tarixini asrab-avaylab saqlayotgani bilan kishida katta taassurot uyg‘otadi”, — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Muzey zallarida Xitoyning murakkab va mashaqqatli tarixiy yo‘li, shuningdek, bir asr davomida mamlakatda yuz bergan ulkan o‘zgarishlar haqida ma’lumotlar jamlangan.
Xitoy Kommunistik partiyasi tarixi muzeyi Pekinda 2021 yilda, partiya tashkil topganining 100 yilligi arafasida ochilgan. Majmua partiya tarixiga bag‘ishlangan doimiy va kompleks ekspozitsiyalarni jamlagan.
Saida Mirziyoyeva muzeyga tashrifidan so‘ng Xitoy bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘lini ekspozitsiyalar orqali chuqur his qilish mumkinligini ta’kidladi.






