AsosiySUG'DIYONA

Fransuzcha taom – kechki dasturxonga!

Zarur masalliqlar: 400 gr. mol go`shti, 100 gr. pishloq, 4 ta kartoshka, 3 bosh piyoz, 3 osh qoshiq smetana, 1 dona tuxum, 2 osh qoshiq o`simlik yog`i, 1 osh qoshiq sirka, tuz, shakar, sous, qalampir.

Tayyorlanishi: 1. Go`shtni 1 sm. qalinlikda, o`rtacha kattalikda bo`laklarga bo`ling. Bolg`acha bilan uring. So`ngra tuz, murch va o`simlik yog`ini yaxshilab surtib, xona haroratida biroz muddat qoldiring.

2. Piyozni halqa shaklida to`g`rab, qaynatilgan suv, sirka, tuz va shakar solib, marinadlab qo`ying.

3. Smetanaga tuxum, murch va tuz qo`shing. Istakka ko`ra, sous solish mumkin. Yaxshilab sanchqi bilan aralashtiring.

4. Kartoshkani aylana shaklda to`g`rang.

5. Yog`langan chuqurroq qolipga marinadlangan go`shtni soling. Ustidan mayonezli sousni quying. Piyozni ham solgach, sousdan yana ozgina quying.

6. Toblamaning ustiga kartoshka bo`laklarini joylab, sousning qolganini ham solasiz-da, mayda tishli qirg`ichdan o`tkazilgan pishloq sepib, 190-200 darajada qizdirilgan gaz pechiga 1 soatga qo`ying. Taomga sanchqi suqib, pishganini bilish mumkin. Agar go`sht qattiqroq bo`lsa, ustiga zar qog`oz (folga) yopib, yana 20 daqiqa 150 daraja qizdirilgan gaz pechida qoldiring.

Tayyorlanish vaqti: 2 soat

4 kishilik

Boshqa yangiliklar