AsosiyJamiyat

O`zbekistonda “Korrupsiyaga qarshi kurashish to`g`risida” Qonun kuchga kirdi

3 yanvar kuni O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev “Korrupsiyaga qarshi kurashish to`g`risida” Qonun imzoladi. 

Mazkur Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2016 yil 24 noyabrda qabul qilingan, Senat tomonidan 2016 yil 13 dekabrda ma`qullangan.

Qonunning maqsadi korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Qonuni 6 bob hamda 34 moddadan iborat.

Mazkur Qonunga ko`ra, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosati davlat dasturlari va boshqa dasturlar asosida amalga oshirilishi mumkin.

Davlat dasturlari va boshqa dasturlar ushbu Qonunning qoidalari samarali ijro etilishini ta`minlash, korrupsiyaning holati hamda tendensiyalaridan kelib chiqqan holda korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha kompleks va tizimli chora-tadbirlar ko`rish maqsadida ishlab chiqiladi hamda amalga oshiriladi.

Qonunda korupsiyaga qarshi kurashi bo`yicha faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari sifatida quyidagilar belgilandi:

– Bosh prokuratura;
– Milliy xavfsizlik xizmati;
– Ichki ishlar vazirligi;
– Adliya vazirligi;
– Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti.

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha faoliyatni qonun hujjatlariga muvofiq boshqa davlat organlari ham amalga oshiradi.  

Qonunga muvofiq korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslar sudning qaroriga ko`ra muayyan huquqlardan, shu jumladan muayyan lavozimlarni egallash huquqidan qonunga muvofiqq mahrum etilishi mumkin.

Yuridik shaxslar korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganik uchun qonunda belgilangan tartibda javobgar bo`ladi.

Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to`g`risida axborot berayotgan shaxslar davlat himoyasida bo`ladi, qonunda belgilangan hollar bundan mustasno. Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to`g`risida axborot berayotgan shaxslarni ta`qib etish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo`ladi.

    Boshqa yangiliklar