1

Jiddiy xonimning nayranglari

Mutolaa 05.01.2017, 16:56
Teglar: Xikoya, SUGDIYONA
Jiddiy xonimning nayranglari

«Makr»larni o`qib, gohida kulib hordiq chiqarsam, gohida ibrat olaman. «Men ham hayotimda mana shu hiylani ishlatib, vaziyat chiqib ketsam bo`larkan» deb qolaman. O`ylab qarasam, men ham ancha-muncha ayyorliklar qilgan ekanman. Albatta, ularni o`zim o`ylab topmaganman. Yonimdagilar yordamida amalga oshirganmiz. Shukrki, nayranglarimning hammasi yaxshilikka xizmat qilgan…

Fe`l-atvorim og`ir-bosiq bo`lgani uchun atrofimdagilar har qanday gapimga ishonadi. Chunki uncha-munchaga birovlarni aldamaganman. Bu odatimdan vaqtida sinfdoshlarim ham, kursdoshlarim ham foydalanishgan.

— Dili, bitta ish chiqib qoldi, — derdi sinfdoshlarim. – O`zing o`qituvchiga tushuntirasan.

— Boshim baloga qolsinmi?

— Baloga qoladigan ishmas! Savob… Sen aytsang jiddiy qabul qiladi, rad etolmaydi. 

Turli bayramlar-u, madaniy hordiqlarga ruxsatni ana shunday qilib olishardi.

— Dilnoza, sizning qovoqlaringiz kerak, — derdi kursdoshlarim ham.

Ayniqsa, bu gapni kursimizdagi eng sho`x yigit Azim ko`p aytardi:

— Noyob qovoqlar bizga asqotarmikan?

— Nega kerak bo`ldi qovoqlarim?

— Toqqa chiqqimiz kelib qoldi.

— Qishda tog`da nima bor? – jo`rtaga battar qovoq osaman.

— Baraka topkur, Chimyonni ko`rmaganlar bor oramizda. Armonda qolmasliklari uchun ularga ko`rsatmasak bo`lmaydi.

Kurs rahbarimiz oldiga qirib vaziyatni tushuntirardim va kursdoshlar bilan yo`lga tushardik. Ular keyin boradigan manzilga etgunimizcha meni tinch qo`yishmasdi:

— Dilnoza o`qishni bitirgunimizcha o`zgarmang! Vazminligingiz va qimmatli qovoqlaringiz bizga juda kerak. Oramizda bitta sizgina jiddiy yura olasiz. Bu xislatingizni yo`qotishni istamaymiz.

Xullas, ana shunday mayda-chuydalarga xizmat qilgan bosiqligim kun kelib taqdirlarni ham hal qildi.

Birinchi makr

To`rtinchi kursligimizda hamma Dilfuza va Orif haqida gapira boshladi. Uncha qiziquvchan bo`lmaganim uchun e`tibor ham qilmabman. Keyin eshitsam, Orif Dilfuzani birinchi kursligimizdan buyon sevarkan. Dilfuza esa rad etgani rad etgan emish. Har doimgidek yana Azim yonimga keldi:

— Dilnoz, yana jiddiy qovoqlaringiz kerak.

— Nega? Qaerga boramiz? Bormagan joyimiz qolmadi shekilli…

— Yo`q, bormagan joylarimiz bor hali.

— Kurs rahbarimiz ham bilib qoldi. Nazarimda, endi qovoqlarim ham, ishonch bilan gapirishim ham ish bermaydi. Chunki oxirgi marta «bu so`nggisi, boshqa bunaqa qilmanglar», degandi.

— Qo`rqmang, kurs rahbariga kirmaysiz. Dilfuzani gapga olasiz.

— Dilfuzaga nima qilibdi?

— Odam ham shunaqa bo`ladimi? Xuddi Marsdan tushganga o`xshaysiz. Orifning ichi kuyib ketdi. Hademay o`qishni bitiramiz. Bir umr «muhabbatim rad etdingiz, barcha so`zlar mayin bo`ldi», deb kuylab o`tmasin. Bir ishni rejalashtirdik. Faqat Dilfuzani ishontirish uchun siz keraksiz bizga.

— Nima deb ishontiraman uni? To`rt yildan buyon Orifga ishonmagan qiz bir og`iz gap bilan menga ishonarkanmi?

— Siz men o`rgatgan gaplarni Dilfuzaga etkazsangiz bo`ldi.

Kursdoshlarga yo`q deb bo`larmidi? Ammo qarasam, hamma ish chappasiga ketyapti. Kursimizdagi shaddot Surayyo tinmay Orifning atrofida aylanadi. Chidolmadim.

— Azim, Dilfuzani gapga olib berasiz, degandingiz. Bir-ikki marta unga Orif qattiq sevishini aytdim. Lekin Surayyo qovun tushiryapti-ku! Nega Orifning atrofda aylanib qoldi. «Yurfak»da yigiti bor edi-ku uning. Voy o`lmasam, bilsa bormi?

— Ahamiyat bermang. U ssenariy bo`yicha ish qilyapti. Sizga ham o`rgataman degandim-ku!

— Voy, nimasini o`rgatasiz? «Orif sizni sevarkan, nega ishonmaysiz?» dedim...

Azim gaplarimdan dumalagudek bo`lib kuldi:

— Shu qadar soddasizki, shuning uchun ham hamma sizning gapingizga ishonadi-da… Bo`pti, yaxshi qilibsiz. Endi unaqa demang. «Dilfuza, eshitdingmi, Surayyo yigiti bilan urishib qolibdi. Endi Orifning boshini aylantirayotganmish. Uning qo`lidan keladi, «ilintirish»… Sen hali anqayib shunday yigitni qo`ldan chiqarasan», deng.

Shundagina bu Dilfuzaning rashkini keltirib, sevgini oshkor ettirishning bir yo`li ekanligi tushundim. O`zimga topshirilgan rolni shunday o`ynadimki…

— Dilfuza, to`g`risi aytsam, ahmoq ekansiz, — bemalol bunaqa deyishimga oldindan shu mavzuda gapirib yurganim foyda berdi. – Sizga necha marta aytdim. Oxirgi kursmiz. O`qish tugasa, tamom. Shu bilan bir-birimizni qachon ko`ramiz? Hamma kelgan joyiga ketadi, Orif ham. To`rt yildirki, soyangizdek yuribdi. Oxiri taqdirga tan berib, qo`l siltaydi. Ota-onasi olib bergan birortasiga uylanadi. Yoki bo`lmasa… — shu gapni anchayin ilmoqli qilib gapirdim. Dilfuza ham nimaga ishora qilayotganimni sezib, javdirab qaradi. – Yoki bo`lmasa, Surayyoga o`xshaganlar «ilib» ketadi. U yigiti bilan urishib qolganmish. Alamidan Orifga tegib ketishi ham mumkin. Orif-chi? U qarab o`tirarmidi? Chiroyli qiz. Sizga jahl qilsayam uylanadi-da…

Rostini aytsam, Dilfuza cho`kib qoldi. Menimcha, uyam ichida yonib yurgan ekan. Yana kursdoshlar ham rosa rol o`ynashyapti. Shular ta`sir qilganmi, bechora qiz «yorildi»:

—  Surayyoga ham hayronman, shuncha yigit turib Orifga o`ralashganini-chi?

— Orifning hozir arosatda yurganini, alam ustida uylanishi mumkinligini biladi-da… Surayyo shaddod qiz…

— Men dugonasiman-ku, meni o`ylamaydimi?

— Siz Orifga ro`yxushlik bergan bo`lsangiz ekan, o`ylasa.

— Orifga ham hayronman. Nuqul ortimdan yurmay, uyga odam yuborsin, ixtiyorim o`zimdamas-ku… — alam bilan dedi Dilfuza. Bu hayo-ibo bilan aytilgan so`zlar zamirida buyuk muhabbat zohir edi.

— Shuni aytmasangiz qaerdan biladi u?!

— Qiziqsiz-a, Dilnoza? Qanaqa aytaman?

— Mayli, o`zim aytaman, Orifga! Xushingni yig`-da, Dilfuzaning uyiga odam yubor deyman.

— Shoshmang, Surayyoni sevib qolgan bo`lsa-chi?

— Yo`q, Surayyoga mendan nari yuring, debdi, — bilmayman bu gap qaerdan tilimga keldi. – U sizni sevadi.

Dilfuza erga qarab jilmaydi. Men bu quvonchli xabarni Orifga etkazish uchun o`zimga sig`may borardim.

Ikkinchi makr

Kursdoshlarim bilan qilgan nayrangim ikki yoshning baxtli bo`lishiga sababchi bo`lgandi. Ularning to`yida rosa yayraganmiz. Bu kursdoshlarimning mendan eng oxirgi foydalanishi edi. Shunga o`xshash yana bir voqeani yangi kelinligimda qaynonam yordamida amalga oshirdim. Kelin bo`lib kelganimga uch oylar bo`lgandi, chamamda. Katta ovsinim bilan qaynsinglim aytishib qolib, gaplashmay qo`yishdi. U qildik-bu qildik foydasi yo`q.

— Siz yangisiz, ikkalasiga ham gapiring. Sizga ishonishadi. Ham tabiatan jiddiysiz. Gapingizga kirishi mumkin. Bunaqa yurishgani yomon. Odamlar nima deydi? – dedi qaynonam bir kuni.

— Nima deb gapiray? – dabdurustdan aytgani uchun shoshib qoldim.

— Ovsiningizga siz kattasiz, deng. Bunisiga kichiksiz, deysiz. Harholda sizdan uyalishadi. Men gapirgandim, ikkalasi ham tumshug`ini burdi.

— Xo`p, — dedim nima deyishni bilmay. Ammo ikki kuncha o`ylanib yurib, zo`r reja tuzdim. Birinchi bo`lib qaynsinglimga yoqadigan narsa qidirdim. Ishlatmagan yangi, sochga taqadigan «obodok» bor ekan. Asosiysi, sandiqning tagiga tushib ketgani uchun qaynsinglim umuman ko`rmagan. Shuni olib u kishi yaqinlashdim:

— Buni sizga yangam berib yubordi. Bunaqa yurishimiz yaxshimas, yarashganimiz yaxshi, dedi. Hademay uzatamiz, mehmondek gap, ayting, mendan xafa bo`lmasin, deb tayinladi.

— Buncha chiroyli, qaerdan olibdi yangam? – qizginaning xayoli yarashishda emas, qo`lidagi matohda edi.

— Sizga atab olibdi. Menimcha, siz ham biror narsa olib borib, kechirim so`rang. Hademay to`yingiz bo`lsa, kulib eslab yurasiz. Odamlarning qulog`iga etsa, yangamni emas, sizni yomon deyishadi. Yangam birinchi qadamni tashlaganidan foydalanib qoling.

— Nima beray yangamga?

— Bilmasam. Xohlasangiz, menda sharf bor.

— Sizdan olamanmi? Yo`g`-ey, hozir do`konga chiqib kelay, yangam yoqtiradigan atir kelgan.

U yugurib chiqib ketdi-yu, zumda qaytdi. Keyin menga zimdan atirni ko`rsatib, yangamga yaqinlashdi:

— Yanga, meni kechiring. Yoshlik qildim-da! Bu sizga…

Hech narsadan xabari yo`q ovsinim ham xijolat bo`lishga tushdi:

— Voy, siz meni kechiring. O`zi nega kechirim so`rayapsiz? Hech gap bo`lgani yo`q-ku!

Ularni ko`rib qaynonam menga minnatdor jilmaydi.

Uchinchi makr

Bu ishni esa yaqinda ishxonada amalga oshirdik. Hamkasblarim ham xuddi boshqalar kabi meni yana ayyorlik qilishga majbur qilishdi. Ancha yillardan buyon birga ishlaydigan, ko`ngilchangina, yig`loqi Mastura opaning turmush o`rtog`i olamdan o`tdi. Ayni bolalari eyman-kiyaman deydigan pallada emasmi, sho`rlik ayol dovdirab qoldi. Ma`rakalarini o`tkazishga, boshqa mayda-chuydalariga ishxona tomonidan moddiy yordam qilindi.

— Bir amallab Mastura opaga biz ham yordam qilishimiz kerak. Shunday qilaylikki, ro`zg`origa yordami tegsin.

— Pul yig`ib beramiz, — dedi bir yoshroq xodimimiz.

— Olmaydi. Yana ko`ngliga botishi mumkin, — e`tiroz bildirdi yana biri.

Xullas, rosa maslahat qildik. Oxiri uddaburon yigitimiz Ahror dedi:

— Menga qolsa, ko`proq pul tashlab kompyuter olaylik. Ham bolalari o`rganadi, ham bir tanishim bor o`shanga aytib «paynet» ochtiramiz. Ro`zg`origa foydasi tegadi.

— Kompyuterni nima deb beramiz? – dedi yoshi kattaroq xodimamiz.

— Menga qo`yib bering uni, — dedim men. — Bu borada «as» bo`lib ketganman. Bolalarga aytamiz, soxta «vedemost» tayyorlaydi. Ishxona tomonidan mukofot tarzida beramiz. Keyin opaga o`zim yo`l ko`rsatib, Ahrorga ro`baro` qilaman.

Shu bilan mening rejam bo`yicha ish yuritdik. Yigitlar bir xaftada kompterni olib kelishdi. Tantanali ravishda Mastura opaga topshirdik. Keyin hamma tarqalgach, sekin opaning yoniga o`tirdim:

— Opa, bundan endi foydalaning! Ahror-chi, juda pishiq bola. Tanishi ko`p. Shunday aytsak, bitta  «paynet» ochishda yordamlashadi. Qarabsizki, bita o`g`lingiz ishli, ro`zg`oringizga yordam…

— Voy, unda Ahror bilan gaplashay…

Darrov Ahrorni chaqirdim. U ham rolini zo`r o`ynadi. Shunday qilib, bir mushtipar, yordamga muhtoj ayolga ko`ngliga tegmaydigan qilib ko`mak qo`lini cho`zdik.

DILNOZA

Sharhlar

Yuzga husnbuzar chiqsa, bu nimaning belgisi?

20.01.2017, 11:59

Husnbuzar yuzingizning qaysi sohasida paydo bo`lganiga ko`ra, organizmingiz uchun qanday muolaja kerakligini bilishingiz mumkin. Demak, ko`zgu qarshisiga turing-da, suratda ko`rsatilganidek, yuz sohalariga diqqat qiling. Agar:...
«Ohu ko`zlar» pardozining 6 qoidasi

20.01.2017, 11:46

Yaqin kunlarda to`yga yoki biror oqshomga otlanayapsizmi? Qanday pardoz qilsam ekan, deb boshingiz qotganmi, unda ushbu pardozni sinab ko`ring. Bu pardoz uchun sizga kulrang, tillarang...
Yuqori marralarni zabt etishning 7 ta siri

19.01.2017, 14:24

Kimning katta yutuqlarga erishib, omad cho`qqilarini zabt etgisi kelmaydi, deysiz. Bilmaymizki, hammasi o`z qo`limizda va buning yo`li juda ham oddiy. Quyida ular bilan tanishasiz... Har...
To`ydan keyingi muhabbat haqida 10 afsona

17.01.2017, 16:39

Mustahkam oila – muammolarsiz emas, balki ularni hal etishga qodir oiladir. Ellik yil birga yashagan er-xotinning oltin to`yida choldan so`rashayapti: – Ota, shuncha yillik turmush...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1