1

«Farzandimni bolam desang, bas»

Mutolaa 06.01.2017, 13:56
Teglar: Xikoya, SUGDIYONA
«Farzandimni bolam desang, bas»

Inson sabrli, matonatli bo`lsa, hayot sinovlari oldida o`zini yo`qotib qo`ymasa, albatta ezgu niyatlariga etarkan. Men yoshligimdan farzandlarim ko`p bo`lishini xohlaganman. Bugun nafaqat besh nafar farzandning onasiman, bir etak nabiralarim ham bor. Yana yonimda meni tushunadigan, hurmat qiladigan va sevadigan insonim.

Juda yosh turmushga chiqqanman. Qizim bir yoshga to`lar-to`lmas, erim og`ir dard tufayli olamdan o`tdi. Bu judolik qarshisida o`zimni yo`qotib qo`ydim. Axir hali mening tenglarim yoshlik gashtini surib, hayotdan mamnun yurishibdi. Men esa… yigirma ikki yoshli beva. Buning ustiga-ustak, qaynonam bilan hech til topisha olmadim. U kishini tushunaman. Ularga ham og`ir. Hech kim farzand dog`ini ko`rmasin ekan. Asabiylashganida bor alamini mendan olardi. Qizimni bag`rimga bosib, nima qilishni bilmasdim. Bir kuni dadam kelib, meni olib ketdi. Qaynonam qizimni olib qolmoqchi bo`ldi-yu, undan boshqa ovunchig`im yo`qligi uchunmi, ilojsiz qoldi. Biz ketdik. Ne orzu umidlarda kelgan xonadonimni yuragim tilka-pora bo`lib tark etdim. Axir shu uyda kelinlik gashtini surganman, shu erda ona bo`ldim, sevdim, sevildim.

Turmush o`rtog`imni har kuni tushimda ko`rardim. U kishisiz hayotim mazmunsiz bir bo`shliqqa aylanib qolgandi. Besh yil otamnikida yashadim. Bu orada menga sovchilar kela boshladi. Xotini o`lgan yoki ajrashganlardan. Men hech kimga ro`yxushlik bermasdim. Ammo ota-onam:

 — Yoshimiz ham bir joyga borib qoldi. Ko`zimiz ochiqligida tinchiganingni ko`rsak, yaxshi bo`lardi. Hali yana bu hovliga ikkita kelin tushirishimiz kerak. Ertaga nima bo`ladi, faqat Yaratganga ayon. Hech bo`lmasa, qizingining kelajagini o`yla. Unga ota kerak, — deb kuyinib gap boshlashdi.

— Qo`limda diplomim bor. Ishlab, bir amallab uy olsam bo`ldi. Keyin topganim qizim ikkimizga etadi. Uning o`gay ota qo`lida o`sishini xohlamayman, — dedim yig`lab.

— Shunaqa deysan-u, ammo baribir otaning yo`rig`i boshqa. Erta yaxshi kuning bor, yomon kuning bor. Yoningda suyanchig`ing, umr yo`ldoshing bo`lishi kerak. Hayot sen istagandek bir tekisda davom etmaydi, — nasihat qildi otam.

— Kecha kelgan sovchilar ham yaxshi joydan. Bechoraning to`rtta bolasi bor ekan. Faqat shu bolalarga mehr berib, onalik qilsa, bo`ldi, deyishayapti. Shu norasida go`daklarnig boshini silasang, Xudoyim sening boshingni silaydi, — deb onam ham ko`ziga yosh oldi.

Indamay o`rnimdan turib, xonamga kirib ketdim. Yuragimdagi bor alamlarimni to`kib, to`yib-to`yib yig`ladim. «Nimaga meni tashlab ketdingiz. Endi nima qilay? Axir ota-onam…»

 

Bir kuni hovlida qizimni o`ynatib o`tirsam, yoshi anchaga borib qolgan bir ayol olti yoshlar, chamasi, bolani etaklab kirib keldi:

— Singlim, bu Maqsuda opaning uyimi?

— Ha, keling, xolajon. Hozir oyim uyda yo`q edi. Men qizlari bo`laman.

— Yaxshimisiz, qizim? Voy, charchab ketdim. Yoshingiz o`tgani sayin kuchdan ham qolarkansiz. Kechasi nevaramning isitmasi chiqib, umuman uxlamadik. «Ona-onalab» yuragimni sil qildi. Guldek kelinim shu qorako`zlarni menga ishonib ketgan. Mening ham bir oyog`im erda bo`lsa, bir oyog`im go`rda. O`g`lim bir kun uyda bo`lsa, ikki kun yo`q. Shifokor bo`lgani uchun har ikki kunda navbatchi. Shunga, singlim, onangiz va o`zingiz bilan bir gaplashay deb kelgandim.

Ayolnig maqsadini tushundim. Kecha onam aytgan kishi shekilli. Men nima deb javob berishni ham bilmay, tilimni tishlab qoldim. Sho`rlik momo yana nimalarnidir gapirdi. Mening ikki ko`zim bolakayda. Qizim qatori ekan. Menga qora ko`zlarini jovdiratib qarab turardi.

Bir payt yig`lab buvisidan so`rab qoldi:

— Qachon oyimning oldiga boramiz. Sog`inib ketdim.

Ayol nevarasiga qanday taskin berishni bilmay kalovlanib qoldi. Men esa ko`zim yoshlanib, bolani bag`rimga bosdim. Uyam meni mahkam quchoqlab oldi. Ko`zimizdan tinmay yosh oqardi. Bu bolajonni bag`rimdan qo`yib yuborgim kelmayotgandi…

Ular ketishdi. Mening ko`z oldimdan qop-qora ko`zlari yoshga to`lgan bolakay ketmasdi. Qizim ham dadasini sog`inadi. U ham qiynaladi. Ko`cha-ko`yda otasi erkalayotgan qizlarni ko`rsa, ko`zlari yoshlanib ketadi. Nega hayot shunday ekan-a?

Taqdir deb shunga aytishsa kerak. Yoshligimda hecham xayolimga kelmagandi. Yigirma ikki yoshimda beva qolishimu birovnig to`rt nafar farzandiga onalik qilishim. Xudoning buyurgani bo`larkan. Bandasi esa taqdirning izmiga ko`nib, o`z yo`lini topa bilishi kerak.

Avvaliga ikkinchi turmushimga ko`nikishim qiyin kechdi. Eng katta qizimiz o`n to`rtda. U meni hech onasining o`rnida qabul qilolmasdi. Kichkinalar meni yaxshi ko`rardi. Ammo shu Nigora bilan til topish oson kechmadi. U meni ham, qizimni ham xushlamasdi. Pishirgan ovqatimni umuman emasdi. Biror nimani so`rasam, javob bermasdi. Katta bo`lgani uchunmi, hamma narsaga aqli etganidanmi, menga onasi emas, bir xizmatkorga qaragandek muomala qilardi.

Shuhrat akam esa kelganimning birinchi kuniyoq:

— Men rahmatli ayolimni o`n ikki yil sevib uylanganman. O`zingiz bilasiz, yaqin kishingizni yo`qotish azobi qandayligini. Hali-hanuzgacha yonimda yo`qligiga ishonmayman. Qizingizga o`z otasidek mehr ko`rsataman. Siz ham bolalarimga onasi yo`qligini bildirmang. Uyda kam bo`laman, bolalarimni sizga ishonaman. Iltimos, mehringizni ayamang.

Ha, bu inson aytganidek qizimga otalik qildi. Oydin ham uni o`z otasidek ko`rardi. Men ishga chiqmadim. Axir endi besh bolaning onasiman. Erimni ham yaxshi ko`rib qoldim. U kishi juda jiddiy, aqlli, mehribon inson. Lekin bilardim, birinchi xotinini unuta olmayapti. Menga aslida befarqdek edi. To`g`ri, salgina mazam qochsa ham parvona bo`lib qoladi, lekin… baribir ko`ngli yo`qligini sezaman.

Yillar yugurik daryo ekan. Birpasda katta qizimiznig bo`yi etib, uzatadigan bo`ldik. To`yi kuni qizginam meni quchoqlab, «oyijon» deb yig`ladi. Shunda yuragimda nimadir tug`yon urdi.

— Qizim, qizginam, iloho, baxtli bo`lgin, — deyishdan nariga o`tolmadim.

Birin-ketin qizlarimizni uzatib, o`g`limizni uylantirdik. Hozir men juda baxtli onaman. Yaqinda erim ham nafaqaga chiqdi. Tug`ilgan kunimga tilla zirak bilan uzuk sovg`a qildi.

— O`ylab qarasam, sizga ko`zga ko`rinarli hech nima sovg`a qilmagan ekanman. Farzandlarimga men kutgandan ham zo`r ona bo`ldingiz. Sizga qarab Ra`noni eslayman. Kundan-kun unga o`xshab borayapsiz, — dedi.

Bu gaplarni eshitib, butun g`am-anduhlarimni unutdim. Yoshim ellikdan oshgandan keyin bunday e`tibor ko`raman deb o`ylamagandim. Gap tilla taqinchoqlarda emas, turmush o`rtog`imning menga ko`rsatayotgan e`tiborida, mehr-muhabbatida. Ularni taqib hammaga maqtanib chiqdim. Chunki quvonchim ichimga sig`masdi-da.

Men dunyodagi eng baxtli ayol ekanligimni ellikdan oshgandan so`ng yana his qildim.

Shoira Shagiahmedova

Sharhlar

Yuzga husnbuzar chiqsa, bu nimaning belgisi?

20.01.2017, 11:59

Husnbuzar yuzingizning qaysi sohasida paydo bo`lganiga ko`ra, organizmingiz uchun qanday muolaja kerakligini bilishingiz mumkin. Demak, ko`zgu qarshisiga turing-da, suratda ko`rsatilganidek, yuz sohalariga diqqat qiling. Agar:...
«Ohu ko`zlar» pardozining 6 qoidasi

20.01.2017, 11:46

Yaqin kunlarda to`yga yoki biror oqshomga otlanayapsizmi? Qanday pardoz qilsam ekan, deb boshingiz qotganmi, unda ushbu pardozni sinab ko`ring. Bu pardoz uchun sizga kulrang, tillarang...
Yuqori marralarni zabt etishning 7 ta siri

19.01.2017, 14:24

Kimning katta yutuqlarga erishib, omad cho`qqilarini zabt etgisi kelmaydi, deysiz. Bilmaymizki, hammasi o`z qo`limizda va buning yo`li juda ham oddiy. Quyida ular bilan tanishasiz... Har...
To`ydan keyingi muhabbat haqida 10 afsona

17.01.2017, 16:39

Mustahkam oila – muammolarsiz emas, balki ularni hal etishga qodir oiladir. Ellik yil birga yashagan er-xotinning oltin to`yida choldan so`rashayapti: – Ota, shuncha yillik turmush...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1